Breaking News

Karzay: Qo’shnilar yordamisiz tinchlikka erisha olmaymiz


Istanbulda 20 dan ziyod davlat va tashkilot vakillari ishtirokida o’tayotgan sammitda asosiy mavzu – xalqaro koalitsiya ketgach, Afg’onistonga barqaror, osuda davlatga yalanishda madad ko’rsatish
Istanbulda 20 dan ziyod davlat va tashkilot vakillari ishtirokida o’tayotgan sammitda asosiy mavzu – xalqaro koalitsiya ketgach, Afg’onistonga barqaror, osuda davlatga yalanishda madad ko’rsatish

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay “qo’shni davlatlar yordamisiz tinchlikka erisha olmaymiz” demoqda.

Karzay Turkiyada uning davlati xavfsizligi va rivojiga bag’ishlangan bir kunlik sammitda jahon hamjamiyatiga murojaat qildi.

Uning aytishicha, terrorchi guruhlar - Afg’onistonning asosiy bosh og’rig’i.

“Ular yurtni ayovsizlarcha barbod qilmoqda. Bu illatdan qutulishdan nafaqat biz yoki Pokiston, balki butun mintaqa manfaatdor”, - dedi Karzay.

“Hindiston, Turkiya, Xitoy, Rossiya kabilar terrorizm qurboniga aylanishi mumkin. Xalqlarimiz xavfsizligi oyoqosti bo’lishi hech gap emas. Terror guruhlari va qoradori oqimi dastavval Afg’onistonni urar ekan, afg’on xalqi jon jahdi bilan qarshi olishmoqda. Biz butun boshli regionni balodan saqlab turgan qalqonmiz”, - dedi Hamid Karzay.

Turkiya prezidenti Abdulla Gul Afg’onistonga yordam va’da qildi.

“Afyun, inson savdosi va terrorga qarshi Afg’oniston yolg’iz kurasha olmaydi. Bu muammolar surunkali tus olib, mamlakat oyoqqa turishiga yo’l bermayapti. Afg’on xalqiga madad berish barchamiz uchun burchdir”, - dedi Abdulla Gul.

Istanbulda 20 dan ziyod davlat va tashkilot vakillari ishtirokida o’tayotgan sammitda asosiy mavzu – xalqaro koalitsiya ketgach, Afg’onistonga barqaror, osuda davlatga yalanishda madad ko’rsatish.

Afg’onistonda hozir 130 000 dan ziyod xorijiy qo’shin bor, aksariyati amerikalik. 2014-yilda xavfsizlik butunlay mahalliy armiya zimmasiga topshirilishi kerak bo’ladi.

Sammit oldidan kecha Pokiston va Afg’oniston prezidentlari ko’rishgan. Bu ushrashuv va, umuman, anjumanni tashkillashtirgan Turkiya tomonlarni yarashtirmoqchi.

Istanbuldagi konferensiyada Tojikiston, O’zbekiston va Turkmaniston diplomatlari ham qatnashmoqda.

Turkiyada ta’lim olayotgan afg’onistonlik o’zbek ziyolisi Sobir Ahmad Burgut nazarida Markaziy Osiyo xavfsizlik masalasida Kobul bilan hamkorlik qilishi zarur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG