Breaking News

Afg’oniston bo’yicha xalqaro anjumanda Pokiston qatnashmaydi


Afg’oniston bo’yicha xalqaro anjumanda Pokiston qatnashmaydi
Afg’oniston bo’yicha xalqaro anjumanda Pokiston qatnashmaydi

5-dekabr kuni Germaniyaning Bonn shahrida Afg’oniston kelajagi yuzasidan yirik xalqaro anjuman bo’lib o’tadi. Pokiston qatnashishdan bosh tortayotgani konferensiya samarasini savol ostiga qo’ymoqda.

O’tgan hafta NATO havo kuchlari chegara hududda amalga oshirgan hujumda 24 harbiy halok bo’lgani Pokiston ahlini junbishga keltirgan.

Mamlakat bo’ylab norozilik namoyishlari haligacha tinmayapti. Germaniyadagi anjumanni boykot qilishiga sabab ham shu.

Afg’oniston bo’yicha xalqaro anjumanda Pokiston qatnashmaydi
Afg’oniston bo’yicha xalqaro anjumanda Pokiston qatnashmaydi

Rasmiy Islomobod NATOga yuk yetkazuvchi yo’llarni ham yopgan. AQSh Balujiston viloyatida foydalanib kelayotgan “Shamsi” harbiy havo bazasini tark etishi kerak.

AQSh Tinchlik instituti tahlilchisi Endryu Vaylder so’zlariga ko’ra, Afg’onistondagi ko’p yillik mojaroni Pokiston yordamisiz hal qilib bo’lmaydi.

Ammo chegarada yuzgan so’nggi hodisa AQSh-Pokiston aloqalarini tamoman izdan chiqardi. Bonn konferensiyasida ishtirokingiz muhim, degan xalqaro chaqiriqlarni Islomobod nazarga olmayapti.

Xalqaro qo’shinlar, ma’lumki, Afg’onistonni kelasi bir necha yil ichida tark etishi rejalangan. Anjumanda ushbu jarayonni qanday tashkillashtirish, nima yordam kerak bo’lsa berish haqida gaplashib olinadi.

Qo’shma Shtatlar Pokistondan boykottni bekor qilishni so’rayapti. Davlat departamenti rasmiysi Mark Toner konferensiya ko’zlagan maqsadlar sizning manfaatingizga ham to’la javob beradi, deya bu davlat rahbariyatiga murojaat qildi.

Afg’oniston bo’yicha xalqaro anjumanda Pokiston qatnashmaydi
Afg’oniston bo’yicha xalqaro anjumanda Pokiston qatnashmaydi

Bundan 10 yil oldin, 11-sentabr terror xurujlariga javoban AQSh Afg’onistonni bosib olgach, Germaniya diplomatlar yig’ilishiga mezbon bo’lgan edi. Bu safar asosiy mavzu – xavfsizlikni afg’onlarning o’ziga topshirish.

Jarayon silliq kechishi bir necha faktorga bog’liq, deydi Ali Jaloliy, Vashingtondagi Mudofaa oliygohi professori.

“2014-yil - muhim sana. O’shangacha Afg’oniston qurolli kuchlari oyoqqa turishi kerak. Shuningdek, hukumatga qarshi jang qilayotgan guruhlar bilan til topishish lozim. Qo’shni davlatlar, xususan Pokistonning roli beqiyos”, - deydi Jaloliy.

Bonn konferensiyasida Tolibon bilan murosa qilish haqida ham gaplashib olinadi. Lekin BMTning Afg’oniston bo’yicha sobiq maxsus vakili Laxdar Brahimi mazkur tashabbus ish berishiga ishonmaydi.

“2002-yil Tolibon bilan gaplashish uchun eng qulay fursat edi. Afsuski, imkoniyatni boy berdik. Hozir esa bu nihoyatda qiyin vazifa. Eng katta xatomiz shu”, - deydi sobiq diplomat.

Afg’oniston bo’yicha xalqaro anjumanda Pokiston qatnashmaydi
Afg’oniston bo’yicha xalqaro anjumanda Pokiston qatnashmaydi

“Toliblar hokimiyatdan haydalgandan keyingi davrda Afg’onistonda ko’p ishlar qilinmadi. Xalqaro qo’shin sonini ko’paytirib, mamlakatni mahkam ushlab tura olmadik. Natijada jangari harakati qayta oyoqqa turib oldi”, - deydi Brahimi.

“Bonnda o’tgan oldingi anjumanda belgilab olingan dasturlarni amalga oshirishda afg’onlarga yetarli yordam bermadik. Xavfsizlikni ta’minlashdek eng muhim vazifa chetda qolib ketdi”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG