Breaking News

AQSh va Pokiston - bir-biriga ishonmaydigan strategik hamkorlar


AQSh va Pokiston - bir-biriga ishonmaydigan strategik hamkorlar
AQSh va Pokiston - bir-biriga ishonmaydigan strategik hamkorlar

Qo’shma Shtatlar va Pokiston terrorizmga qarshi kurashda 10 yildan beri strategik hamkor. Munosabatlarni silliq deyish qiyin, chunki Islomobod jangarilar bilan til biriktirgani, al-Qoida va Tolibon yetakchilariga boshpana bergani gumon qilinadi. Ayniqsa, 2011-yil ittifoqchilar uchun og’ir kechdi.

Shundoq ham murakkab aloqalar 2011-yilning yanvarida yanada chigallasha boshladi. Sabab - AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi xodimi Reymond Deyvis Pokistonning Lohur shahrida ikki fuqaroni o’ldirganidir. Ko’p o’tmay uni qo’yib yuborishdi.

Lekin hodisa ketidan norozilik namoyishlari avj oldi. “Pokiston hukumati qayerga qarayapti” degan tanqidlar yangradi.

Bu mashmasha tugamasidan yana bir janjal… AQSh maxsus kuchlari Abbotobod shahrida operatsiya o’tkazib, al-Qoida rahbari Osama bin Ladenni o’ldirdi.

Osama bin Laden o'ldirilgan uy, Abbotobod shahri
Osama bin Laden o'ldirilgan uy, Abbotobod shahri

Maxfiy reyd o’zaro aloqalarga putur yetkazdi. Pokiston hukumati buni mamlakat suverenitetiga hurmatsizlik, hamla deya baholadi.

“Bizga bu operatsiya haqida hech narsa deyishgani, maslahat qilishgani yo’q”, - deydi Pokiston rasmiylari.

Vashington esa mana bu savolni muhimroq deb biladi: dunyoning birinchi raqamli terrorchisi Pokistonning harbiy shaharchasida nima qilib yurgandi?

Davlat kotibasi Xillari Klinton reyddan bir necha kun o’tib, Islomobodga tashrif buyurdi. Terrorizmga qarshi kurashda tomonlar qanday majburiyatlar olgani haqida eslatdi.

“AQSh va Pokiston hukumatlari terroristlarni yo’q qilishda ko’p yillardan buyon hamkorlik qilib keladi. Bir-birimizga bo’lgan ishonch mahsuli bu. Harbiylarimiz, razvedka idoralarimiz o’rtasida ma’lumot almashinuvi yo’lga qo’yilgan. Oldimizda vazifalar bisyor ekanini juda yaxshi bilamiz”, - degan edi Klinton.

Pokiston armiyasi bilan faxrlanadi. Ammo Osama bin Ladenni topa olmagani taajjubga soladi kishini. Harbiylar AQSh o’tkazgan operatsiyadan ham bexabar qolgan.

AQSh va Pokiston - bir-biriga ishonmaydigan strategik hamkorlar
AQSh va Pokiston - bir-biriga ishonmaydigan strategik hamkorlar

G’azab ustida rasmiy Islomobod Amerika murabbiylarini mamlakatdan haydab chiqarib, viza tartibini kuchaytirdi. Vashington esa Pokistonga shart qo’ydi: ikki tomonlama o’yin qiladigan bo’lsangiz, milliardlab dollarga teng harbiy yordamni kesamiz.

2011-yilning noyabri. NATO havo kuchlari Afg’oniston bilan chegarada amalga oshirgan hujumda pokistonlik 24 zobit halok bo’ladi. Toqati toq bo’lgan Islomobod, bunga javoban, NATOga yuk yetkazuvchi yo’llarni yopdi. “Shamsi” harbiy-havo bazasidan AQSh harbiylarini chiqarib yubordi. Afg’oniston kelajagi muhokama qilingan xalqaro anjumanni boykot qildi.

Vashington bilan munosabatlarni qayta ko’rib chiqayapmiz, deydi Pokiston Tashqi ishlar vazirasi Hina Rabboniy Xar.

“Hamkorlik deymizu, lekin buning noaniq va mujmal jihatlari juda ko’p”, - deydi u.

AQShning Pokistondagi elchisi Kameron Munter:

AQSh va Pokiston - bir-biriga ishonmaydigan strategik hamkorlar
AQSh va Pokiston - bir-biriga ishonmaydigan strategik hamkorlar

“Juda og’ir yil bo’ldi biz uchun. Muammolardan qochmasdan ularni hal qilishga harakat qilsak, bir-birimizga nisbatan samimiy munosabatda bo’lsak, 2012-yil ijobiy bo’ladi deb o’ylayman”.

Siyosiy chigalliklarga qaramasdan, AQSh-Pokiston orasida ta’limiy va madaniy dasturlar davom etmoqda. Maqsad – xalq diplomatiyasi orqali ikki elni bir-biriga yaqinlashtirish. Ammo yildan yilga chuqurlashib borayotgan tafovutlarni bu qanchalik hal etadi, noma’lum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG