Afg'oniston va Eron rahbarlari bugun Pokistonda. Tolibon bilan tinchlik muloqotini yo'lga qo'yish haqida fikr almashadi. Prezident Hamid Karzay Pokiston prezidenti va bosh vaziri bilan ikki tomonlama aloqalar, iqtisodiy hamkorlik va terrorga qarshi kurash xususida ham gaplashadi.
AQSh va NATO qo'shinlari 2014-yil oxirigacha Afg'onistondan qo'shinlarini chiqarishni rejalar ekan, Karzay ma'muriyati ungacha toliblar bilan murosa qilib, ularni tinch hayotga qaytarmoqchi. Afg'on rahbari Pokistonga tashrifi chog'ida Tolibonning diniy rahnamosi deya tanilgan Mavlono Samiul Haq bilan ham uchrashadi.
Tolibon Qo'shma Shtatlar bilan ham alohida muzokara qilishini bildirgan. Ammo jarayonning eng muhim ishtirokchisi bu Pokiston. Ma'lumki, toliblar yetakchilari Pokistonda qo'nim topgan. Ba'zi xabarlarga ko'ra, Pokiston razvedkasi ular bilan aloqada.
Pokistonning AQShga tayinlangan yangi elchisi Sherri Rahmonning aytishicha, rasmiy Islomobod tinchlik muloqotida vositachi bo'lishga tayyor, ammo hech kimning yonini olmaydi.
Afg'onistondagi hech bir guruh bilan ittifoq tuzib, strategik o'yin qilish niyatimiz yo'q, deydi u.
"Bu ishda Afg'oniston hukumati tashabbusni qo'lga olishi zarur, aks holda hech bir kelishuv uzoqqa bormaydi. Pokistonga qo'shni davlatda yana bir fuqarolik urushi kerak emas", - deydi elchi Rahmon.
Hamid Karzayning aytishicha, uning hukumati toliblar bilan muzokarani boshlagan. Shu paytgacha jangarilar rasmiy Kobul bilan muloqot mavjudligini inkor etib kelgan edi.
Tolibon nazarida Karzay AQSh malayi va u bilan gaplashishdan foyda yo'q. Ammo Afg'oniston rahbarining kecha "Wall Street Journal" gazetasiga aytishicha, toliblar AQSh bilan ham, Afg'oniston hukumati bilan ham muzokara qilmoqda.
Sovet qo'shinlarining Afg'onistondan chiqqaniga 23 yil to'lar ekan, bu kun mamlakatda bayram sifatida nishonlanmoqda. Tolibon esa bayonot chiqarib, Qo'shma Shtatlarni Sovet tarixidan saboq olishga chaqirgan.
"Afg'onlar bilan ma'nosiz urushning foydasi yo'qligini anglab yetishlari zarur, aks holda Sovetlar kabi amerikalik bosqinchilar ham mag'lub bo'ladi" deyiladi bayonotda.