Breaking News

Amerikalik askar 16 begunoh afg'onni o'ldirgan


Bugungi voqeada o'lganlarning jasadi ortilgan mashina... Qandahor viloyati, 11-mart 2012
Bugungi voqeada o'lganlarning jasadi ortilgan mashina... Qandahor viloyati, 11-mart 2012

Afg’oniston janubida, Qandahor viloyati Panjvayi tumanida bugun amerikalik bir askar bazani ruxsatsiz tark etib, bir necha xonadon va oilalarga bostirib kirgan. 16 kishini o’ldirgani ma’lum.

Harbiy ushlangan va voqea tergov ostida, deya bildiradi AQShning Afg’onistondagi muvaqqat elchisi Jeyms Kanningxem.

Diplomat afg’on xalqiga murojaat qilib, yurti nomidan kechirim so’ragan. Askar bu qotillik, begunoh insonlar jonini olgani uchun javob beradi, deydi Kanningxem.

Prezident Hamid Karzay g'azabda. U Qo'shma Shtatlardan tushuntirish talab qilmoqda. O'lganlarning to'qqiz nafari bolalar va uch nafari ayollar. Bu qotillik to'satdan emas, oldindan rejalanganiga shubha yo'q, deydi Karzay.

Vashington fojiadan afsusda ekanini bildirib, adolat ta'minlanadi, deya kafolat bermoqda.

Prezident Barak Obama Oq Uydan turib, afg'on xalqiga hamdardlik bildirdi.

"Bugungi hodisa bizning sizga nisbatan munosabatimizni aks ettirmaydi. Harbiylarimiz va butun koalitsiya sizning tinchligingiz va ravnaqingizni ko'zlaydi", - dedi u.

Afg'onistondagi qo’mondon general Jon Allen ham kechirim so’rab, bu voqea xalqaro koalitsiya emas, bir ahmoq insonning ishi deya izohlagan.

Askarning qilmishi ablahlikdan boshqa narsa emas, deydi generalning o'rinbosari Adrian Bredsho.

"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan guvohlardan biri shunday deydi:

"O'q ovozini eshitib, itimiz yugurib vovullay boshladi. Birdaniga ovozi o'chdi. Otib tashlandi. Keyin askar uyga bostirib kirdi-da, hammani birma-bir o'qqa oldi. Dahshatda eshitib turdik... Keyin uyga o't qo'yib yubordi. To'rt o'g'il va to'rt qiz... Hammasini o'ldirdi".

Boshqa bir guvoh:

"Xotinim, akam, jiyanim, nabiram va yana to'rt kishi... Hammasidan ayrildim".

Afg’onistonda fevral oyida Bagrom harbiy bazasida Qur’on yoqilgach avj olgan ommaviy norozilik bugungi voqea bilan yanada kuchayishi tayin.

O’tgan hafta Kobulda Ichki islar vazirligida ishlayotgan amerikalik polkovnik va yana bir xizmatchi mahalliy askarlar tomonidan o’ldirilgan edi.

Bugun Pokiston shimoli-g’arbida, Afg’oniston bilan chegaradosh hududda Tolibonni qoralab tanilgan siyosatchi nishonga olingan.

Xushdil Xon ismli mahalliy arbob yaqinining dafn marosimiga borganida bir kishi uning yoniga kelib o’zini portlatib yuborgan. 15 kishi halok bo’lgan. Siyosatchi tirik qolgan. Kamida 30 kishi jarohatlangan, ko’pi og’ir ahvolda.

Xushdil Xon Avomi Milliy Partiyasi a’zosi va mintaqada jangari kuchlarga qarshi harakatlar boshida turgan odam.

Mahalliy politsiya boshlig’i Obid Rahmonning “Amerika Ovozi” ga aytishicha, hududda Pokiston xavfsizlik kuchlari va Tolibon orasida qonli to’qnashuvlar kundalik hol.

Kecha harbiylar Haybar qabilaviy mintaqasida 39 jangarini yo’q qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG