Tolibon harakati Afg’onistondagi Amerika askarlarini “vahshiylar” deb atab, kechagi otishma uchun qasos olishini bayon qilmoqda. Qandahor viloyati Panjvayi tumanida bir askar xonadonlarga bostirib kirib, 16 kishini o’ldirgan, aksariyati bolalar. Ayrim jasadlarni yoqib yuborgan.
Bugun mamlakat bo’ylab xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. AQShning Kobuldagi elchixonasi fuqarolarini xurujlar haqida ogohlantirdi. Tolibon amerikalik askar o’qidan o’lgan har bir afg’on uchun qasos olamiz demoqda.
Afg’oniston parlamenti Panjvayida ro’y bergan voqeani qoralab, jinoyatchilar ustidan ochiq sud o’tkazishga chaqiryapti. “Chet el zobitlarining boshboshdoqlidigan to’yib ketdik”, - deydi qonunchilar.
O’tgan oy Bagrom harbiy bazasida Qur’on yoqilgach avj olgan ommaviy norozilik bu fojia ketidan yanada kuchayishi tayin. Namoyishlarda qariyb 40 odam, jumladan amerikalik polkovnik o’lgan.
Amerika diplomatlari va xalqaro koalitsiya qo’mondonlari afg’on xalqiga murojaat qilib kechirim so’ramoqda. Tergov tezkor va puxta bo’lishini aytmoqda.
Prezident Hamid Karzay AQShdan tushuntirish talab qilayapti. O’lganlarning to’qqiz nafari bolalar va uch nafari ayollar. “G’arazli maqsad bilan amalga oshirilgan bunday qotillikni kechirib bo’lmaydi”, - deydi Karzay.
AQSh rahbari Barak Obama Karzayga qo’ng’iroq qilib, afg'on xalqiga hamdardlik bildirdi.
Tinch aholiga qarata o’t ochgan amerikalik serjant oilali. Avval Iroqda ham xizmat qilgan. Rasmiylar u bir o’zi harakatlangan desa, guvohlar bir necha askar uylarga bostirib kirganini aytadi.
Qandahordagi qonli voqea Vashington-Kobul aloqalarini yanada taranglashtirdi. Strategik hamkorlik bitimi ustida ketayotgan muzokaralar to’xtab qolsa ajabmas.