Breaking News

Pokiston toliblar bilan hamkor emasmiz deydi


Pokiston Tashqi ishlar vazirasi Hina Rabboniy Xar Kobulda Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay bilan uchrashmoqda, 1-fevral, 2012-yil
Pokiston Tashqi ishlar vazirasi Hina Rabboniy Xar Kobulda Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay bilan uchrashmoqda, 1-fevral, 2012-yil

Angliyaning "Tayms" gazetasida chiqqan maqolada Pokiston razvedkasi afg'on toliblariga yordam berayotgani da'vo qilinar ekan, rasmiy Islomobod buni inkor etmoqda.

Gazeta muharririyati buni tasdiqlovchi maxfiy hujjatni o'z ko'zi bilan ko'rganini aytadi. Unga ko'ra, jangarilar NATO qo'shinlari 2014-yilda Afg'onistonni tark etganidan so'ng g'alaba ular tomonida bo'lishiga ishonadi.

Ammo Pokiston Tashqi ishlar vazirligi bunday da'volar yolg'on, Afg'oniston ichki ishlariga aralashmayapmiz, deydi. Vazira Hina Rabboniy Xar soxta ma'lumot gazetaga ataylab uzatilgan, deydi.

Maqolada aytilishicha, asirga tushgan 4000 tolib va al-Qoida agentlarini so'roq qilish natijasida shunday xulosa kelib chiqqan.

NATO rasmiysiga ko'ra, hujjatni tahliliy deb bo'lmaydi, unda shunchaki tolib mahbuslar fikrlarining yig'indisi jamlangan xolos.

Pokiston tashqi ishlar vazirasi bugun Kobulda Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay bilan uchrashgan. Karzayning aytishicha, jangarilarning Afg'oniston va Pokistondagi harakatlari har ikki davlatni beqaror qilgan.

NATOning ma'lum qilishicha, Afg'oniston janubida mahalliy armiya formasini kiygan bir odam alyans askarini otib o'ldirgan. Voqea Hilmand viloyatining Marja tumanida ro'y bergan.

Hodisani tergov qilgan armiya qo'mondoni Said Mallukning aytishicha, askar NATO zobitini behosdan otib qo'yganiga iqror bo'lgan.

20-yanvar kuni Afg'oniston sharqida mahalliy zobit to'rt fransuz askarini o'ldirib, bir nechtasini yaralagach, Fransiya qo'shinlarini avval rejalanganidek 2014-yilda emas, balki bir yil oldin chiqarishga qaror qildi.

O'tgan oy boshida ham o'xshash voqea yuz bergan. Afg'on zobiti janubda amerikalik harbiyni o'tib o'ldirgan. Dekabrda esa NATO shu tariqa yana ikki harbiysini yo'qotgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG