Breaking News

Pokiston shimoli-g'arbidagi chegara postida otishmalar


Otishmada 35 jangari yo'q qilingan
Otishmada 35 jangari yo'q qilingan

Pokiston shimoli-g’arbida ro’y bergan olishuv 65 kishini hayotdan olib ketgan. Jangarilar o’tish-nazorat punktiga hujum qilib, 27 askarni o’ldirgani ma’lum.

Politsiyaning aytishicha, kamida 200 jangari Afg’onistonning Kunor viloyati orqali chegarani kesib, Pokistonnning Dir viloyatiga kirgan.

Chorshanba kunduz o’tish punktiga hamla qilib, bir kun davom etgan qattiq otishmadan keyin payshanba kunduz chekingan.

Rasmiylar hisob-kitobiga qaraganda, 35 jangari yo’q qilingan.

Pokiston-Afg’oniston chegarasida o’rnashib olib, ko’ngli tusaganicha NATO askarlariga hujum qilayotgan Tolibon va unga hamroh Haqqoniy guruhi G’arb boshog’orig’i.

Qo’shma Shtatlar Pokistondan bunga qarshi chora ko’rishni iltimos qilib keladi.

May boshida AQSh maxsus kuchlari Pokistonda reyd o’tkazib, “al-Qoida” yetakchisi Osama bin Ladenni yo’q qilgan edi. Shundan beri rasmiy Islomobod bosim va tanqid ostida.

Ayrim xabarlarga ko’ra, Pokiston Amerika da’vatlariga ko’nib, o’zining g’alvali hududlarini tozalashga kirishadi. Tez kunda Shimoliy Vaziriston mintaqasida keng ko’lamli reydlar o’tkaziladi, degan taxmin bor.

Biroq Pokiston tomoni bu xabarlar uydirma ekanini ta’kidlaydi.

Prezident Barak Obama kelasi oydan askarlarni Afg’onistondan olib chiqa boshlaydi. Lekin chegarada emin-erkin yurgan toliblar bu rejaga pand berishi mumkin.

Pokiston bosh harbiy qo’mondoni, general Osif Yosin Malik nazarida vahima qilishga hojat yo’q. Afg’oniston bilan chegaradosh viloyatlar uchun mas’ul arbob Shimoliy Vaziristondagi vaziyatni “barqaror va osuda” deya ta’riflaydi.

Uning aytishicha, mintaqada 30 ming askar xizmat qilmoqda.

“Pokiston nimani va qachon lozim topsa, davlat manfaatlari shuni talab qilsa, o’zi mustaqil qaror qabul qiladi. Hozircha biror masshtabli amaliyot rejalaganimiz yo’q”, - deydi general.

Ayrimlar taxminicha, Pokiston armiyasi toliblar va Haqqoniy guruhi bilan aloqador. General Malik buni inkor etadi.

“Pokistonga tahdid solgan, yurt tinchini buzgan har qanday guruh bizga dushman. Haqqoniymi yoki boshqa tashkilot, bari bilan kurashayapmiz”, - deydi harbiy.

Pokiston armiyasi matbuot kotibi, general Atar Abbos xalqaro koalitsiya va afg’on armiyasini chegarani mustahkamlashga chaqirdi. Uning aytishicha, Afg’onistonning Kunor viloyatida yashiringan jangarilar Pokistonga hujum qilmoqda.

“Chorshanba kuni Pokistonda o’nlab askarni o’ldirgan jangarilar Afg’onistondan kirgani buni isbotlaydi”, - deydi general.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG