Pokistonning port shahri - Karachida qurolli to’da harbiy bazaga hujum qilgan. Olishuv bir necha soat davom etib, jangarilar ma’lum muddat baza ustidan nazoratni qo’lga kiritgan.
Voqea bu davlat qurolli kuchlari zaif degan xavotirni kuchaytirgan. Kuchli mudofaa qilingan majmuani 18 soatga toliblarga boy berish - Pokiston qurolli kuchlari uchun qattiq zarba.
Bugun maxsus kuchlar bazani qaytarib olganini ma'lum qilgan.
Bir necha jangari yakshanba tunda Mehran harbiy bazasiga hamla qilib, granata, raketa otgan.
Olishuv dushanba kunduzga qadar davom etgan. Binoga kirib olib, har yonga tarqalgach, jangarilar bazani portlata boshlagan.
Guvohlar avvaliga bir necha portlash ro’y berganini aytadi. Jangarilar AQSh tomonidan Pokistonga uzatilgan ikki samolyotni urib, 10 dan ziyod zobitni o’ldirgan.
Jangarilar “al-Qoida” yetakchisi Osama bin Laden uchun qasos oldik, deydi. Ular "o'lguncha kurashamiz" deydi.
Rasmiylar esa “hujumni qaytardik, demoqda.
“Talibon va “al-Qoida” hujumlar haqida ogohlantirgan edi”, - deydi Ichki ishlar vaziri Rahmon Malik. “Pokiston tahdid ostida va katta talofatlar bilan yuzlashmoqda. Biroq taslim bo’lish yo’q”, - deydi u.
Bosh vazir Yusuf Rizo G’iloniy ham hodisani qoralab, “bu hujumlar terrorga qarshi kurashni to’xtata olmaydi” degan.
Lekin voqea Pokiston qurolli kuchlari zaif degan xavotirni kuchaytirmoqda.
Osama bin Laden uzoq yillar Pokistonda yashab yurgani ayon bo’lgach, bu davlat qurolli kuchlariga tanqid toshlari yog’ilmoqda. Da’vo shuki, armiya yadro quroliga ega bu davlatni himoya qila olmayapti, zaif ekani oshkor bo’lmoqda.
Tolibon harbiy bazaga bemalol kira olgani ham shubha uyg’otgan. Taxminlarga ko’ra, bino ichidan kimdir yordam bergan bo’lishi mumkin, demak, armiya safida jangarilarga xayrixoh shaxslar bor.
Tahlilchi Ikrom Segal nazarida hukumat bu kabi xurujlarga shay turishi kerak edi. “Aybdorlar javobgarlikka tortilishi shart”, - deydi u.
2009 yilda toliblar poytaxt yaqinida harbiy qarorgohga hujum qilib, odamlarni bir kecha-kunduz garovda ushlagan edi. Biroq Karachidagi bazadan farqli ravishda jangarilar binoga chuqur kirib bora olmagan edi.