Pokistonda bugungi xurujlar kamida 24 kishini hayotdan olib ketgan. Tolibon xavfsizlik xizmati xodimini nishonga olganini aytmoqda. Hujumda rasmiyning rafiqasi va bir necha zobit o’lgan.
Politsiyaning bildirishicha, Kvetta shahrida bosh harbiy muovini uyi yonida, askarlar to’planib turgan yerda mashina portlagan. Oradan ko’p o’tmay bir kishi ofitserning uyiga kirib o’zini portlatgan. Bino qattiq zarar ko’rib, 60 dan ziyo odam jarohatlangan.
Hafta boshida Afg’oniston bilan chegaradosh bu shaharda mahalliy politsiya AQSh razvedkasi ko’magida al-Qoida yetakchilaridan biri Yunus al-Mavritaniy va uning ikki safdoshini ushlagan edi. Al-Mavritaniy xalqaro xurujlar uchun mas’ul bo’lib, Amerika neft quvurlarini nishonga olishni rejalagan, deydi Pokiston politsiyasi.
Operatsiya ikki davlat maxfiy xizmatining muvaffaqiyati deya ko’rildi. Bugungi xurujlar jangarilar qasosi deya taxmin qilinmoqda.
Pokiston armiyasi matbuot kotibi, general Athar Abbos so’zlariga ko’ra, bu uzoq rejalangan reyd.
“O’tgan yilning oktabrida jangarilar ketiga tushgan edik”, - deydi u.
Amerika maxsus kuchlari may oyida Pokistonda yashirin reyd o’tkazib, al-Qoida rahbari Osama bin Ladenni yo’q qilgan edi. Rasmiy Islomobod yashirin olib borilgan bu amaliyotdan norozi ekanini yashirmadi va jahl ustida Amerika diplomatlarini haydadi. Qo’shma Shtatlar esa bu davlatga atalgan harbiy yordamni vaqtincha to’xtatdi.
“Pokiston nazarida uning suvereniteti, hududiy daxlsizligi oyoqosti qilingan edi”, - deydi AQShning Pokistondagi elchisi Kameron Munter. “Amerikada esa ko’plar Pokiston hukumati Osama bin Ladenni o’z himoyasida saqlagan degan o’yga bordi”, - deydi elchi.
Panjob Universiteti olimi Hasan Askariy Rizvi nihoyat ikki davlat razvedka xizmati kelisha olganidan mamnun. Hamkorlik Amerika va Pokistonga birday kerak, lekin olim nazarida o’rtada tafovutlar ko’pligini unutmaslik kerak.
Qo’shma Shtatlar Pokistonning Shimoliy Vaziriston mintaqasida yashirinib, qo’shni Afg’onistonga hujumlar uyushtirayotgan jangarilarni tezlikda yo’q qilish tarafdori. Lekin Rasmiy Islomobod harbiy amaliyotlarni qachon va qanday o’tkazishni o’zi hal qilmoqchi. Amerika razvedkasi Pokistonda jangarilar haqida ma’lumot yig’ayotgani ham rasmiy Islomobodga ma’qul emas.