Breaking News

Tabiiy ofatdan jabr ko'rgan Pokistonda jangarilar hokimiyatni ag'darmoqchi


Kuzatuvchilar nazarida Pokiston hukumati barcha resurslarni toshqin asoratlariga qarshi kurashga tashlab, jangarilarga qarshi operatsiyalarni to'xtatgan.

Pokiston tarixdagi eng dahshatli toshqin asoratlari bilan olishar ekan, so'nggi kunlarda shialarga qarshi xurujlar ko'paygan. Ayniqsa Lohur va Kvettada 100 dan ziyod kishi o'lgan. Kuzatuvchilar nazarida jangarilar tabiiy ofatdan foydalanmoqchi.

Pokiston hukumati barcha resurslarni toshqin jabrdiydalariga yordam ko'rsatish va vayron bo'lgan infratuzilmani tiklashga qaratayotgan bir paytda mazhablararo zo'ravonliklar kuchayib, qo'shimcha diqqat talab qilmoqda.

Ichki ishlar vaziri Rahmon Malik nazarida jangarilar fursatdan foydalanib, hukumatni ag'darmoqchi.

Vazir Panjobdagi Lashkari Jangvi hamda al Qoida, Tahriki-Tolibon kabilarni tahdid deb biladi.

Tahriki-Tolibon - Pokistonda ildiz otgan toliblar harakati. Lohur va Kvettadagi xurujlarni o'z bo'yniga olgan.

Aholi hukumatni xurujlarning oldini ololmayotganlikda va 20 million kishining hayotini ostin-ustun qilgan toshqin asoratlariga qarshi sust kurashayotganlikda tanqid qilmoqda.

Islomoboddagi universitet tahlilchisi Ishtiyoq Ahmadning aytishicha, jangari guruhlar ozchilikdagi mazhab vakillariga qarshi xuruj qilib, hukumatni zaiflashtirmoqchi.

"Ular hukumatga qarshi yig'ilib qolgan mavjud noroziliklardan, mazhablararo qarama-qarshiliklardan unumli foydalanmoqchi", - deydi u.

Afg'oniston janubiga safari chog'ida AQSh askarlari bilan uchrashgan Mudofaa vaziri Robert Geytsning aytishicha, Pokiston hukumati qutqaruv va yordam ishlari uchun askarlarni safarbar etgani jangarilarga qarshi harbiy kampaniyaning sustlashishiga olib keldi.

Geyts Pokistonning qabilalar yashovchi hududlaridan turib afg'on askarlari va koalitsiya kuchlariga qarshi xurujlar rejalayotgan guruhlarga qarshi yangi operatsiyalar hali-beri o'tkazilmasligi mumkin, deydi.

"Toshqinlar Pokiston armiyasining Shimoliy Vaziristonda har qanday operatsiyalarini ma'lum muddatga kechiktirishi tabiiy. Bu esa NATO, Afg'oniston va Pokiston kuchlari o'rtasida hamkorlikni taqozo etadi", - deydi AQSh mudofaa vaziri.

Armiya qabilaviy hududlarni kuzatayotgan harbiy vertolyotlarni qidiruv va qutqaruv ishlariga tashlashga majbur bo'ldi. Iste'fodagi pokistonlik general Mahmud Shohning aytishicha, jangarilar baland tog'larga chiqib ketib, toshqindan jon saqlashga muvaffaq bo'lgan.

"Armiya ularga qarshi harakatni jonlantirishi, qutqaruv ishlari bilan endi boshqa idoralar, harbiy bo'lmagan xizmatlar shug'ullanishi kerak", - deydi general.

BMTning Pokistonda insonparvarlik ishlariga mas'ul rasmiysi Mauritsio Julianoning aytishicha, gumanitar tashkilotlar jabrdiydalarga yordam ko'rsatishda yaqindan hamkorlik qilmoqda.

"So'nggi xurujlar vaziyatni beqarorlashtirib, ogoh bo'lishga undamoqda, ammo hozircha bizning ishimizga halaqit bergani yo'q", - deydi BMT vakili.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG