Pokistonning Afg’oniston bilan chegaradosh hududlarida hukumat tinchlik va barqarorlik o’rnatish harakatida.
Bunday urinishlarning bir qismi – sobiq jangarilarni tinch hayotga qaytarish bo’lib, shu maqsadda maxsus o’quv mashqlari tashkil etilgan.
Bunday markazlar Tolibon jangarilari vatani bo’lmish Svot vodiysida ham ochilgan.
“Mishal” deb nomlangan o’quv markazida sobiq Tolibon jangarilari uchun dars o’tilmoqda. Yaqingacha qo’lida qurol ko’tarib yurgan yigitlarni radikal g’oyalardan voz kechtirish va asta-sekin tinch va osoyishta hayotga qaytarish asosiy maqsad.
Mashg’ulotlarni olib borayotgan harbiylar odamni o’ldirish Islomga zid ekani haqida gapiradi, davlatga qarshi chiqmaslik kerakligini uqtiradi.
Bu yerda yuzlab Tolibon asirlari elektrik yoki santexnik kasbini egallamoqda. Ba’zilari kompyuter bo’yicha mutaxassis bo’lish orzusida.
“Maqsad - ularni zamonaviy va madaniy hayotga o’rgatishdan iborat. Bu esa diniy ta’limotga ham mos keladi”, - deydi murabbiy.
Ikki yil ilgari Svot vodiysi Tolibon nazoratida edi. Bugun mintaqa nisbatan tinch, lekin uni saqlab turish oson emas. Sobiq jangarilarni tinch hayotga qaytarish – barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan loyihaning muhim qismi.
“Sabun” deb nomlangan yana bir markazda 12 yoshdan 17 yoshgacha bo’lgan o’smirlar tahsil oladi. Toliblar ulardan xudkush terrorchilarni tayyorlagan.
Bugungi kunda ular bilan o’qituvchi va ruhshunoslar shug’ullanmoqda.
“Bu bolalar o’qishini tashlashga majbur qilingan, uzoq vaqt mobaynida jismoniy ta’qiblarga uchragan, ko’p qiynalgan. Toliblar ulardan qora ish kuchi sifatida, xizmatkor sifatida foydalangan”, - deya tushuntiradi ruhshunos Movadat Rana.
15 yashar Abdul Nosirni o’z onasi toliblarga topshirgan. Farzandining nashavandligidan charchagan ona shu yo’l bilan uni sog’lom hayotga qaytarmoqchi bo’lgan.
Abdul Nosir toliblar uni qiynoqqa solganini, xudkushlik qilishga majburlanganini aytadi. O’zida bomba olib o’tayotganida u qo’lga tushgan.
“Biz bu bolalarning hammasiga ko’mak bera olmaymiz, lekin hayotga yondashuvini o’zgartiryapmiz. Kelajak haqida gapirganida ularning ko’zi porlaydi. Islom va Qur’on haqidagi tasavvurlari ham o’zgarmoqda”, - deydi o’qituvchi.
Pokiston hukumati shu kabi markazlarni boshqa hududlarda ham ochishni rejalagan. Bu harakatlar xalqaro hamjamiyatning yaqin kuzatuvi ostida.
Chunki terrorizmga qarshi kurashga yetakchilik qilib kelayotgan AQShda ham, boshqa G’arb mamlakatlarida ham Pokiston armiyasining ayrim a’zolari ekstremist guruhlarni qo’llab-quvvatlaydi, degan gumon mavjud. Ularning, xususan, Tolibon qanoti ostidagi Haqqoniy guruhi bilan aloqa qilishi anchadan beri ma’lum.
“Svot vodiysida amalga oshirilayotgan dastur Pokiston uchun jiddiy sinov. Chunki ekstremizmni yo’q qilish uchun hukumat noharbiy uslublardan foydalanishini namoyish qilmoqda”, - deydi Pokistonning Vashingtondagi sobiq elchisi Maliha Lodi.
Sobiq jangarilar uchun ochilgan yangi o’quv markazlarining jiddiy raqibi bor - u ham bo’lsa madrasalar. Bu yerda o’g’il bolalar dindan tahsil oladi.
Pokistondagi minglab islomiy maktablar diniy ektremizm manbai ekaniga ko’pchilik ishonadi. Chunki Tolibonning birinchi a’zolari aynan shi yerdan chiqqan.