Breaking News

AQSh razvedkasining sobiq rahbarlari Pokistonni terrorchilar bilan aloqada ayblamoqda


Pokistonda yana bir suiqasd xuruji
Pokistonda yana bir suiqasd xuruji

So’nggi oylarda AQSh-Pokiston munosabatlari ancha sovuq. Amerika razvedkasi sobiq rahbarlarining Amerika Ovoziga aytishicha, bunga asosan Pokiston siyosati sabab. Rasmiy Islomobod bir paytning o’zida AQSh bilan jangarilarga qarshi hamkorlikni yo’lga qo’yib, bu hamkorlikka zid holda Tolibon bilan aloqani uzmayapti.

Qo’shma Shtatlar nazarida Pokiston Afg’onistonda ta’sir kuchini saqlash uchun Tolibon va unga aloqador guruhlardan foydalanmoqda.

Markaziy Razvedka Boshqarmasiga uch yil rahbarlik qilgan Maykl Xeydenning aytishicha, Pokiston armiyasi va razvedkasi, asosan, Haqqoniy guruhi bilan ishlaydi.

"Bu yorug’ kunday ayon, munozaraga, hatto, o’rin ham yo’q. Pokiston xavfsizlik tizimida Shimoliy Vaziristonda harakatlanayotgan bu guruhni AQShga dushman, ammo Pokistonga do’st deb biluvchi rasmiylar bor. Haqqoniy tarmog’iga turlicha yondashuv xavotirga molik", - deydi Xeyden.

Haqqoniy tarmog’i Tolibon guruhlari ichida eng kuchlisi bo’lib, jangarilar Pokistondagi qabilaviy hududlardan Afg’onistonga o’tib, NATO kuchlariga hujum qilib turadi.

AQShdagi barcha razvedka idoralari faoliyatini nazorat qiluvchi boshqarma sobiq direktori Dennis Bleyrning aytishicha, Pokiston Qo’shma Shtatlar Afg’onistonni bir kun tark etadi, deya har ikki tomon bilan aloqani ushlab turibdi.

"Pokiston Amerika yordamini qaytarmaydi. Hamkorlikka qarshi emas, biroq shu bilan birga Qo’shma Shtatlar Afg’onistondan chiqsa, manfaatlarimizga kim qaraydi, tashabbusni o’z qo’limizga olib, turli guruhlar, qo’shni mamlakatlar, turli terror tarmoqlari bilan aloqaga chiqishimiz kerak, deb o’ylashadi. Bundan tashqari shu tariqa razvedka bu guruhlarni bir-biriga qayrashni odat qilgan", - deydi Bleyr.

Har ikki sobiq razvedkachi Pokiston terrorga qarshi kurashda AQSh bilan hamkorligini olqishlaydi. Bu hamkorlik natijasida, deydi Xeyden, al-Qoidaning qator rahbarlari qo’lga olindi. Boshqa davlat bizga bunchalik yordam bermagan, deydi u.

Biroq Qo’shma Shtatlar rasmiy Islomoboddan Tolibon va al-Qoidaga qarshi dadilroq, agressivroq harakat qilishni so’raydi. Bleyrning aytishicha, Islomobod iymalanmoqda.

"Pokiston terrorchilar xurujidan eng ko’p zarar ko’rgan davlatdir. Ammo ularning iziga tushish o’rniga aloqada bo’lishni afzal ko’rmoqda. Umuman, bu davlat siyosatida “terrorchilarni yo’q qilishimiz kerak” degan tushunchaning o’zi yo’q", - deydi Bleyr.

Pokistonning AQShdan ranjiganiga sabab shuki, Qo’shma Shtatlar uning ruxsatisiz qabilalar yashaydigan hududlarda havodan hujum qilib turadi, Amerika razvedkachilari mintaqada faol, Osama bin Ladenga qarshi operatsiya haqida Pokistonga lom-lim demagan.

Amaliyot maxfiy ravishda ijro etilgan edi. Maxsus kuchlar Pokistonga tunda kirib, bin Ladenga Abbotoboddagi bir uyda hujum qilgan. Uydan narida esa Pokiston harbiy akademiyasi joylashgan. AQSh rasmiylari bin Ladenning akademiya yonida yashagani haqida Pokiston razvedkasi xabar topmaganidan g’azabda edi. Ba’zi tahlilchilar nazarida esa rasmiy Islomobod bin Ladenning qayerdaligini boshidan bilgan, chunki unga boshpana bergan.

Xeydenning aytishicha, aynan Abbotobod operatsiyasi ikki tomonlama aloqalarning sovuqlashishiga sabab bo’lgan.

"Usiz ham tarang aloqalar yanada taranglashib, manfaatlar mushtarakligi kamaydi", - deydi sobiq razvedka rahbari.

Iste’fodagi admiral Bleyrning izohicha, Obama ma’muriyati pokistonliklarni Abbotoboddagi operatsiya haqida oldindan ogoh qilmagani to’g’ri ish bo’lgan. Oq uy maxfiy ma’lumot chetga chiqib ketishidan qo’rqqan.

"Pokiston qo’liga biron-bir ma’lumot tushsa, bizning manfaatlarimizni rad etgan holda undan o’z foydasiga qanday foydalanishi haqida o’ylanishga tushadi. Shu sabab Qo’shma Shtatlar yolg’iz harakat qilgani yaxshi bo’ldi. Uch ming amerikalikni o’ldirgan bu odamni yo’q qilishdek operatsiyani birovga ishonib bo’lmasdi", - deydi Dennis Bleyr.

Tahlilchilar fikriga ko’ra, bin Ladenning o’rniga al-Qoidaga rahbar etib tayinlangan Ayman al-Zavohiriy va uning tarafdorlari Pokistonning qabilalar yashaydigan, tog’li rayonlarida yashiringan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG