AQSh rasmiylari Pokiston razvedkasini Afg’onistonda xalqaro kuchlarga qarshi kurashayotgan “Haqqoniy” guruhiga yordam berayotganlikda ayblagach, Vashington-Islomobod aloqalari yana taranglashgandek.
Qo’shma Shtatlar guruhni Tolibon va al-Qoidaga aloqadorlikda ayblab, Pokistondan unga nisbatan keskin chora ko’rishni talab qilsa, rasmiy Islomobod ayblovlar asossiz demoqda.
Davlat departamenti kechagi bayonotida mavjud qiyinchiliklarga qaramay, muloqot davom etishiga ishonchi bildirgan.
AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta va admiral Mayk Mullenning o’tgan hafta aytishicha, Pokiston maxfiy xizmati Kobulda AQSh elchixonasi va NATO idorasiga xurujlarni uyushtirishda “Haqqoniy” guruhiga ko’maklashgan.
“Haqqoniy” tarmog’i Pokiston razvedkasi ko’magida elchixonamizga hamla qildi, deydi admiral Mullen. Unga ko’ra, rasmiy Islomobod Kobulda nufuzini saqlab qolish uchun bu guruhdan foydalanmoqda.
Pokiston xalqaro hamjamiyat oldida obro’sini to’kyapti, o’z iqtisodiyotiga zarar yetkazyapti. Rasmiy Islomobod “Haqqoniy” guruhi bilan aloqani uzishi shart, deydi admiral Mullen.
Rasmiy Vashington Pokiston razvedkasini bir necha yildan beri bu guruh bilan aloqada bo’lganlikda ayblab keladi. Tahlillarga qaraganda, Pokiston hukumati “haqqoniy”chilarni o’ziga tahdid deb bilmaydi.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton yaqinda Nyu-Yorkda BMT Xavfsizlik Kengashi majlisi paytida Pokiston Tashqi ishlar vazirasi Hina Rabboniy Xar bilan uchrashuvda mavzuni ko’targan edi.
Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G’iloniy AQSh da’volarni mamlakatiga qarshi propaganda deya rad etmoqda.
Pokiston Ichki ishlar vaziri Rahmon Malik ham yaqinda bergan izohatida “Haqqoniy” guruhi bilan aloqa mavjud emasligini aytgan.
Ular Afg’onistonda joylashgan. Xuruj uyushtirgan bo’lsa, Afg’onistondan turib amalga oshirmoqda. AQSh bilan hamkorligimiz bor va terrorga qarshi kurashgan har bir davlat bilan hamkorlik qilamiz, deydi u.
Pokiston armiyasi rahbari general Ashfaq Kiyaniy ham hafta oxirida qo’mondonlari bilan shohilinch ravishda uchrashib, AQSh bunday xabarlar tarqatish bilan Afg’onistonda terrorga qarshi kurashga hissa qo’shayotgan muhim hamkoridan ayrilishi mumkin, deya ogohlantirgan.
Jorjtaun Universitetida Janubi-sharqiy Osiyo bo’yicha mutaxassis professor Kristin Feyrning aytishicha (Christine Fair), Pokiston siyosatini o’zgartirmasa ham uni bunga majburlash uchun AQShning qo’lidan hech narsa kelmaydi.
Pilotsiz samolyotlarimizni ishga solishda ham Pokiston yordami kerak. “Haqqoniy”, Lashkari Toiba yoki boshqa jangari guruhlarga qarshi kurashda hech kim bizga Pokiston razvedkasichalik yordam bera olmaydi, deydi mutaxassis.
AQSh hukumati Afg’oniston muammosini yechish uchun rasmiy Kobul va toliblar o’rtasida tinchlik kelishuvini amalga oshirish tarafdori. Pokiston ham ushbu jarayonga qo’shilishga harakat qilmoqda. Biroq tinchlik muzokaralariga bosh-qosh bo’lgan sobiq prezident Burhoniddin Rabboniyning o’tgan hafta o’ldirilishi jarayonga pand berishi aniq.
AQSh Davlat departemanti sobiq eksperti, Yaqin Sharq Instituti olimi Marvin Vaynbaumga (Weinbaum) ko’ra, so’nggi xurujlar Tolibonning biron bir kelishuvga ko’nmasligidan dalolat va AQSh bunday tinchlik tashabbuslari samara bermasligini inobatga olishi kerak.
Tinchlik muzokaralari bir xomhayol, tush. Chunki Afg’oniston masalasiga iloji boricha tez yechim topishga harakat qilingan bir payt o’ylab ko’rilgan bir idea. Buni qanday qilib chora deb baholashdi, tushunmayman, deydi mutaxassis.