Breaking News

AQSh va Pokiston xavfsizlik bobida hamkorlikni tiklashga urinmoqda


AQSh va Pokiston xavfsizlik bobida hamkorlikni tiklashga urinmoqda
AQSh va Pokiston xavfsizlik bobida hamkorlikni tiklashga urinmoqda

AQSh maxsus vakili Mark Grossman Pokiston rahbarlari bilan uchrashib, Afg'onistonda hukumat va toliblar o'rtasida murosa qilish yo'llari haqida gaplashdi. Jarayonning qanday kechishi va Pokistonning undagi roli hozircha aniq emas, chunki AQShning bu davlat bilan aloqalari sovuqlashgan.

Mark Grossman AQSh, Pokiston va Afg'oniston o'rtasida Islomobodda kechgan muzokaralarda Amerika delegatsiyasini boshqardi. Tomonlar Afg'onistonda zo'ravonlikka barham berishda hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Grossman Bosh vazir Yusuf Rizo G'iloniy bilan AQSh-Pokiston munosabatlariga ham urg'u bergan. 2-mayda Abbotobodda Osama bin Laden o'ldirilganidan beri o'rtaga sovuqlik tushgan. Amerika maxsus kuchlarining operatsiyasidan bexabar qolgan rasmiy Islomobod shu zahotiyoq AQSh harbiy instruktorlarini mamlakatdan chiqarib, diplomatlarining harakatlanishiga ayrim cheklovlar qo'ygan.

Islomoboddagi uchrashuvlarda bu masalalar ko'tarilgan. Pokiston rasmiylari ularni aksil-terror doirasidagi hamkorlikka zarar yetkazmay do'stona ruhda hal qilishga kelishdik, deydi.

Elchi Grossman munosabatlardagi ziddiyatlarni tan olgan holda diplomatlar harakatlanishiga qo'yilgan cheklovlar xususida muzokara ketyapti, deydi.

"Amerikaning Pokistondagi diplomatlari istalgan joyiga borishi mumkin. Hukumat, shunchaki, ba'zi talab va shartlar qo'ygan. Hozir biz ularni qanday bajarish mumkinligi haqida gaplashyapmiz, har ikki tomon manfaatlarini hisobga olgan holda", - deydi Grossman.

AQSh rasmiylarining bildirishicha, Vena Konvensiyasiga muvofiq diplomatlar istalgan joyiga va, ayniqsa, AQSh konsullik xizmatlari mavjud shaharlarga borishga haqli.

Pokiston Tashqi ishlar vazirasi Hina Rabboniy Har AQSh diplomatlariga cheklovlar qo'yilganini inkor etadi. 34 yoshli Rabboniy Har bu lavozimga ikki hafta burun tayinlangan.

"Pokistonda hech bir davlat diplomatlariga cheklovlar qo'yilmagan. Shunchaki chet ellik diplomatlar uchun umumiy qoidalar mavjud", - deydi bu davlat tarixidagi ilk tashqi ishlar vazirasi.

Rasmiylarga ko'ra, bu qoidalar yangi emas va diplomatlarning mamlakat bo'ylab safari chog'ida xavfsizligini o'ylab ishlab chiqilgan. Ayrim rayonlarda Tolibon va al-Qoida jangarilari faol, tez-tez xurujlar uyushtirib turadi.

Elchi Grossman dushanba kuni Pokiston prezidenti Osif Ali Zardariy bilan ham uchrashgan. Zardariy kelajakda ikki tomonlama munosabatlarda muammo bo'lmasligi uchun bu qoidalarni qabul qilishga chaqirgan.

Pokistonning AQShdagi sobiq elchisi, yana bir siyosatchi ayol Malixa Lodxining aytishicha, hech bir mamlakat aloqalarning yomonlashishini istamaydi.

"Ularni bir-biriga bog'lovchi qator mushtarak manfaatlar bor. Umumiy maqsadlarga qanday erishish yuzasidan qarashlar farq qilishi mumkin, biroq AQSh ham, Pokiston ham al-Qoidani tor-mor qilishni, Afg'onistonda urushga barham berishni istaydi, chunki bu jarayonda Pokiston uchun alohida rol ajratilgan", - deydi sobiq elchi.

Pokistonning siyosiy va harbiy rahbariyati AQSh bilan munosabatlarini isloh qilmoqchi, toki o'z manfaatlariga putur yetmasin. Rasmiy Islomobod Qo'shma Shtatlarni ikki tomonlama aloqalarda keskin tortishuvlarga sabab bo'lgan masalalarni o'z ichiga olgan bitim imzolashga undamoqda.

Masalan, Pokistonda AQSh Markaziy Razvedkasi Boshqarmasi xodimlarining soni va qabilaviy hududlarda jangarilarni nishonga olayotgan AQSh havo hujumlari ana shunday masalalar qatoriga kiradi. Pilotsiz samolyotlar hujumlari mamlakatda Amerikaga qarshi kayfiyat uyg'otmoqda, deydi Pokiston rasmiylari.

Bu mamlakatning AQShdagi sobiq elchisi Lodxi nazarida Islomobod va Vashington Afg'onistonda tinchlik qaror topishini istasa, hamkorlik qilishdan o'zga choralari yo'q.

"Aloqalarni rivojlantirish zarur. Buning uchun tomonlar umumiy manfaatlardan kelib chiqishi kerak. Aks holda o'rtada ishonch yo'qolib bormoqda".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG