AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Vakillar Palatasining Tashqi Aloqalar qo’mitasida Pokiston va Afg’onistonga nisbatan siyosat yuzasidan hisobot berdi.
Pokiston jangari guruhlarga homiy ekani va Afg’oniston tinchini buzayotgani haqidagi da’volar Kongress diqqat markazida.
AQSh Afg’oniston va Pokistonda belgilangan maqsadlarga erishayaptimi? Shu kungacha qanchalik progress bor desa bo’ladi? Rasmiy Islomobod ikki yoqlama o’yin o’ynayotgani haqidagi gaplar rostmi?
Xillari Klinton ana shu savollarga javob berishga harakat qildi.
Tashqi Aloqalar qo’mitasi raisi, respublikachi Ileana Ros-Leytinen, xususan, Pokiston bilan aloqalarda burilish yuz berayotganini qayd etdi.
“AQSh manfaatlariga zid siyosatini davom ettirsa, bu davlat bilan ortiq hamkorlik qilolmaymiz”, - deydi qonunchi.
AQSh maxsus kuchlari Al-Qoida sobiq rahbari Osama bin Ladenni Abbotobod shahrida topib, yo’q qilgan. Ros-Leytinen nazarida, Pokiston uchun bundan ortiq sharmandalik yo’q.
Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton ikki davlat o’rtasidagi aloqalarni murakkab deya tan oldi. Lekin birgalikda ulkan yutuqlarga erishilgani ham rost.
“Osama bin Laden va uning eng yaqin maslakdoshlari endi yo’q. Al-Qoida terror tizimiga kuchli zarba berdik, uning hujumlar rejalash salohiyati pasaygan”, - deydi Klinton.
Demokrat qonunchi Xovard Bermanning taklifi shuki, Pokistonga berilayotgan milliardlab dollar ko’mak dasturlarini qayta ko’rib chiqish kerak.
Lekin, deydi u, Pokistonda fuqaro jamiyati va demokratik tashabbuslarni qo’llab-quvvatlash ham muhim.
Xillari Klinton o’tgan hafta Islomobodga safari chog’ida rahbarlar bilan uchrashgan, AQShga qarshi hujumlarga boshchilik qilayotgan Haqqoniy guruhi bilan aloqani uzing deb shart qo’ygan.
“Terroristlarning yaxshi yoki yomoni bo’lmaydi. Ularni toifalarga ajratish xavfli yo’ldan borish demakdir. Begunoh odamlarni o’ldirgan guruhlarni himoyangizga olmang deb aytdim”, - deydi bosh diplomat.
Amerika rasmiylarining aytishicha, al-Qoidaga hamkor Haqqoniylar Pokiston razvedkasi bilan ishlaydi. Afg’onistondagi ko’plab xurujlar ularning ishi.
Kongressdagi majlisda tashqi siyosatga oid boshqa masalalar ham ko’tarildi. Respublikachi kongressmen Stiv Shabot nazarida Amerika qo’shinlari shu yil oxirida Iroqni butunlay tark etishi bema’ni qaror.
“Prezident nimani o’ylayapti? Mas’uliyatnimi yoki saylov g’alabasini? Ikkinchi muhlatga saylanaman deb AQShni xavf ostiga qo’yayapti Obama”, - deydi qonunchi.
Xavotir shundaki, deydi respublikachi arbob, prezident Afg’onistonda ham strategik xatoga yo’l qo’yishi, sharoit yaxshilanmay turib qo’shinlarni olib chiqishi mumkin.
Ayni damda Afg’onistonda 98 ming zobit xizmat qilmoqda. Rejaga ko’ra, 2014-yilda ularning katta qismi uyga qaytadi.