Yillar davomida tarang bo’lib kelgan Hindiston-Pokiston aloqalarida iliqlashuv kuzatilmoqda. Tomonlar o’zaro savdo-sotiq hajmini kengaytirishga harakat qilmoqda. Bu esa butun Janubiy Osiyoda iqtisodiy intergratsiya jarayonini jadallashtirishi mumkin.
Hindistonda ishlab chiqarilgan tovarlarning 7 ming xili yaqinda Pokistonda sotila boshlaydi. O’zaro savdoni oshirishga kirishgan ikki davlat viza tartibini ham osonlashtirmoqchi.
O’tgan oyda Pokiston Hindistonga “eng imtiyozli davlat” maqomini berdi. Tijoriy to’siqlarni bartaraf etishga qaror qildi.
Hind olimasi Nina Taneja hali qilinadigan ishlar talaygina deydi, xususan transport sohasida.
“Temir yo’llariga qarang. Tovar yuklangan poyezdlar chegarani kesib o’ta olmaydi. Ba’zida ular chegarada 45 kungacha kutishga majbur,” – deydi ekspert.
Mintaqada kontrabanda chuqur ildiz otgan. Rasmiy savdo-sotiq hajmi 2,5 milliard dollarni tashkil etsa, noqonuniysi 3 milliard dollarga teng.
Ikki yirik davlat o’rtasidagi aloqalar yaxshilansa, bu mintaqaviy savdo-sotiqqa ham ijobiy ta’sir qilishi aniq.
“Hindiston-Pokiston o’rtasidagi sovuq munosabatlar shu paytgacha mintaqadagi savdo aloqalarga eng katta to’siq bo’lib kelgan. Vaziyat yaxshilanar ekan, Janubiy Osiyoda tijorat jadallashadi,” - deydi Hindiston Savdo uylari uyushmasi rahbari Rajiv Kumar.
Hindiston mintaqaning boshqa mamlakatlari - Nepal, Butan va Bangladesh bilan ham savdo-sotiq hajmini oshirishga urinmoqda. O’tgan haftada Dehli bu uch davlat bilan savdo tariflarini yo’q qilajagini e’lon qildi.
Jahon Bankiga ko’ra, to’siqlar bartaraf etilsa, Janubiy Osiyo mintaqasidagi savdo-sotiq hajmi 20 milliard dollargacha yetishi mumkin. Bu esa siyosiy vaziyatning barqarorlashishiga ham olib keladi.