Amerika Yangi Ipak Yo’li barpo etish kerak deya bong urar ekan, Markaziy Osiyo rahbarlari bu tashabbusni rasman yoqlasa-da, ortiqcha ishtiyoq bildirayotgani yo’q.
Mintaqaviy birdamlik yo’qligi, prezidentlar iqtisod va biznes bobida birgalikda emas, alohida siyosat yuritib kelayotgani sir emas.
Qay respublika rasmiylari bilan gaplashmang, xorij bilan savdo joyida deb javob qiladi.
Vashingtonda malaka oshirib yurtiga qaytayotgan bir guruh yoshlar nazarida ham ularning davlatlari chet el bilan tijoriy aloqalarni mustahkamlab kelmoqda.
Yangi Ipak Yo’li allaqachon barpo etila boshlagan, deydi ular.
AQSh sobiq mudofaa vaziri Donald Ramsfeld Vashingtondagi Jons Xopkins Universitetida ta’sis etgan maxsus dastur orqali har yili Janubiy Kavkaz, Markaziy Osiyo, Afg’oniston va Mongoliyadan mutaxassislar taklif qilinadi.
Ramsfeld jamg’armasidan ajratilgan bu stipendiya ertangi liderlarni quvvatlamoqda, deydi dastur boshida turganlardan biri, professor Fred Starr. U Jons Xopkins Universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo va Kavkaz Instituti rahbari.
Professor Starr Yangi Ipak Yo’li g’oyasini uzoq yillardan beri targ’ib qilib keladi. Qadimda bu savdo yo’li sharq va g’arbni bog’lagani, xalqlarni boqqani va mislsiz imkoniyatlarga yo’l ochgani haqida Fred Starr yuzlab bet ilmiy ishlar yozgan.
Afg’onistonda tinchlikni ta’minlash eng ustuvor masala, deydi u. Bu yurt barqarorligi shimoldagi qo’shnilar, xususan O’zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qozog’iston va Qirg’iziston uchun dengizga chiqish yo’llarini ochadi. Afg’oniston orqali Hind okeani bo’yidagi Pokiston portlariga yetish mumkin.
Bugungi kunda eng yirik sarmoyachi va biznes hamkorga aylangan Xitoydan Yevropa tomon yangi savdo yo’llari vujudga kelsa, oradagi davlatlar behisob foyda ko’radi, deydi u.
Hukumatlar bu fikrga qo’shiladi. Shu maqsadda joriy etilgan xalqaro loyihalar, ajratilgan millionlab dollar mablag’, qabul qilingan o’nlab qonunlarni eslatishadi. Qolaversa, deydi ular, bozorlar mahsulotga to’la.
Biz bilan muloqot qilgan yosh ekspertlar, Ramsfeld dasturi qatnashchilari, nazarida Amerika buni targ’ib qilsa-qilmasa, savdo-sotiqni rivojlantirish uchun harakat avjida.
Ozarbayjondan Ramid Namazov fikricha, Qora dengiz bo’yidagi Baku portlari - Yevropaga katta darvoza.
“Mening yurtim Markaziy Osiyo, Afg’oniston va Janubiy Osiyo bilan juda iliq aloqada. Madaniy jihatdan bir-birimizga yaqinmiz, harakat qilinsa, iqtisodiy hamkorlikni yaxshilash qiyin emas”,- deydi u.
Gruziyalik Xatuna Mshvidobadze ham vatanidagi portlarni maqtaydi. Yangi Ipak Yo’li ulkan loyiha, deydi u, Amerika unga boshchilik qilishi va mamlakatlar orasida vositachilik rolini o’tashi kerak.
Qirg’izistondan Uluk Kidirbayev deydiki, uning yurti Xitoy mahsulotlari uchun omborxona.
“Xitoy tovarlari keyin bu yerdan boshqa respublikalarga yo’l oladi. Biz ular uchun strategik bekatmiz”,- deydi mutaxassis.
"Yangi savdo tizimlari barpo etish bilan yangi biznes hamkorlar topamiz, yo’llar va transport sohasi rivojlanadi", - deydi u.
Uningcha, Markaziy Osiyo davlatlari jahon bozoriga yakka holda chiqa olmaydi, bu regional birlik, integratsiya talab qiladi. Mintaqaga o’z tomorqasi sifatida qaraydigan ikki yirik qo’shni, Xitoy va Rossiya bosimiga bardosh bera olish uchun ham birga harakat qilish kerak.
Mongoliyadan Sarnai Galindiv ta'biricha, uning mamlakati o‘z temiryo’l tizimini kengaytirmoqda.
Markaziy Osiyo va Afg’oniston tomon yangi yo’nalishlar ochiladi. Yo’lovchi va yuk tashuvchi poyezdlar haqida gap ketmoqda, deydi u.
Tojikistondan Qahhorjon Aminov uning yurti gidroenergetika sohasida yetakchilik qilmoqchi ekanini aytadi.
“Yangi Ipak Yo’li bizga shu borada yordam bergan bo’lardi. O’z ta’minot tizimimizni yaxshilashimiz kerak. Stansiyalarimiz ishlab chiqargan quvvatni eksport qilish yo’llarini mustahkamlash lozim”,- deydi u.
Shuningdek, Tojikiston transport sohasini ham rivojlantirishi kerak.
Turkmanistondan Dadebay Kazakov deydiki, uning mamlakati uchun hozir eng muhimi - tabiiy gaz xaridorlarini ko’paytirish.
“Respublikamiz dunyodagi eng yirik gaz va neft zaxiralariga ega”,- deydi u.
O’tgan yili Xitoy tomon yo’nalgan gaz quvuri nafaqat Turkmaniston va Xitoyga, balki Afg’oniston va Pokistonga ham katta foyda, deydi Dedebay Kazakov.
O’zbekistonda Hikmat Abdurahmonov “yurtimiz biznes va sarmoya uchun ochiq. Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik qilib kelamiz va samarasi hammaga ayon”, deydi.
Tijorat sohasida ishlaydigan Abdurahmonovning qayd etishicha, temiryo’l tizimi kengayib bormoqda, savdo-sotiq hajmi oshmoqda, Afg’onistonga yordam berilmoqda, havo yo’llari va avto-transport rivojlanmoqda hamda aloqa vositalari kun sayin takomillashib bormoqda.
Yoshlar bu ularning shaxsiy fikrlari ekani, hukumatlar nomidan gapirmayotganini eslatadi. Ular asosan yurtining potensiali, tabiiy boyliklari va iqtisodiy salohiyati haqida gapiradi.
Ko’p narsa, deya tan oladi ular, geosiyosiy omillar va xalqaro aloqalarga bog’liq. Amerika mintaqalarni bir-biriga bog’lamoqchi bo’lsa, konkret loyihalar tanishtirsin, hukumatlarga yo’l ko’rsatsin va eng avvalo Afg’onistonda terrorizm va ekstremizm tahdidini pasaytirsin, deydi bu yoshlar.
Ularning fikrini tinglagan professor Fred Starr ta’biricha, Yangi Ipak Yo’li ulkan loyihadek tuyulishi mumkin.
Ammo aslida u kichik, bugun uncha ko’zga ko’rinmaydigan, ammo ertaga yirik meva beradigan tashabbus va harakatlar yig’indisidir.
Kichik bizneslar, mayda proyektlar, xalqaro moliyaviy tashkilotlar olib borayotgan dasturlar, hukumatlar qayd etadigan “tobora yaxshilanib borayotgan iqtisodiy aloqalar”.
Markaziy Osiyo respublikalari mustaqillikka erishibdiki, regional-iqtisodiy birdamlik orzu bo’lib qolmoqda. Ikki tomonlama aloqalar bor, lekin bugun mintaqani bog’lovchi tizimlar mavjud emas, ayniqsa transport, boj va savdo-sotiq bobida.