Breaking News

Markaziy osiyolik olim mintaqada fuqaroviy davlatchilikka urg'u berishni taklif qilmoqda


Vladimir Fedorenko, tahlilchi, Rethink Institute, Vashington
Vladimir Fedorenko, tahlilchi, Rethink Institute, Vashington


O'tgan yili Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikning 20 yilligini keng nishonladi. Bu davr mobaynida mintaqadagi har bir davlat milliy o'zligini, mafkurani kuchaytirishga zo'r berdi. Biroq, ayrim mutaxassislar nazarida, bu jarayonda ozchilikdagi millatlar manfaatlari hisobga olinmadi. Vashingtonda izlanish olib borayotgan tojikistonlik yosh olim bu borada o'zgacha yondashuv taklif qilmoqda.

Vladimir Fedorenko ukraincha ism bo'lgani bilan, olimning qonida rus, ukrain, o'zbek va tojiklar bor. Turkcha va tojikchani a'lo darajada biladi. Turkiyada ikki universitetni tamomlagan. Aynan shu sabab izlanuvchining taklifini ozchilikdagi bir elat vakilining nidosi va shikoyati deb bo'lmaydi.

Fedorenkoning aytishicha, Sovet Ittifoqi davrida "sovetlar" degan ijtimoiy ibora yaratilib, mamlakatda yashovchi barcha millat va elatlarni soni va mavqeidan qat'iy nazar birlashtirishga xizmat qildi.

"Biroq ittifoq qulagach, xalqlar og'ir ahvolga tushib qoldi. O'zligini bilmay arosatda qolishdi. Axir buyuk davlatning parchalanishi na islohot, na inqilob, na bir tizimdan boshqasiga o'tish oqibati edi. Odamlar bunday o'zgarishlarga tayyor emas edi. Xalq kimligini bilmay qoldi. Kommunistmi, demokratmi, rusmi, o'zbekmi, musulmonmi - mafkuraviy bo'shliq hosil bo'ldi", - deydi Vladimir Fedorenko.

Respublikalar mustaqil bo'lganidan so'ng har biri milliylikka zo'r berdi. Fedorenko nazarida mintaqadagi har bir millat buyuklikni da'vo qilib, o'zi uchun afsonalar yarata boshladi, tarix qayta yozildi.

"Respublikalar aholisini tashkil qiluvchi bosh millat vakillari bundan foyda ko'rgani bilan maydaroq etnik guruhlar manfaatlari inkor etildi, ular o'zlarini kamsitilgan deb his eta boshladi", - deydi olim.

Fedorenko nazarida mintaqadagi mamlakatlar jamiyatni qurishda etnik davlatchilikka urg'u berdi. Har bir respublika konstitutsiyasi barcha fuqarolarni teng ko'radi, huquqlarini himoya qiladi, biroq amaldagi mafkura bu huquqlarni cheklaydi va nafaqat elatlar o'rtasida, balki mintaqa davlatlari orasida ziddiyatlarga yetaklaydi, deydi tahlilchi.

Fedorenko etnik davlatchilikdan ko'ra fuqaroviy davlatchilikka o'tishni taklif qiladi. Muayyan bir etnik guruhning o'tmishi va tarixidagi yutuqlariga tayangandan ko'ra, zamonaviy jabhalardagi umumiy muvaffaqiyatlarga urg'u berish afzalroq, deydi u.

"Bunday yondashuv nafaqat bir mamlakat fuqarolarini jipslashtirib, umumiy mafkuraga sodiqlikka yetaklaydi, balki mintaqa davlatlari o'rtasida hamjihatlikka ham hissa qo'shadi. Agar Qirg'izistonda o'zbeklarga munosabat yaxshi bo'lsa, O'zbekiston bilan ham aloqalar ijobiy bo'ladi", - deydi Fedorenko.

Sovet Ittifoqi qulaganidan beri Markaziy Osiyoda integratsiya va hamkorlik tomon ko'plab harakatlar bo'ldi, hujjatlar imzolandi, mintaqaviy tashkilotlar tuzildi, "Turkiston - umumiy uyimiz" shiori ostida sonsiz tashabbuslarga qo'l urildi, biroq amalda natija yo'q. Aksincha yildan-yilga ziddiyatli masalalar ko'paymoqda.

Fuqaroviy davlatchilik g'oyasi jozibador ko'ringani bilan, deydi ayrim kuzatuvchilar, mintaqa rahbarlarida siyosiy iroda bo'lmas ekan, bu tashabbusni amalga oshirish amri mahol.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG