Breaking News

Yangi kitob: Markaziy Osiyoda yaqin yillarda "mo'jiza" kutmang


AQShning Jorj Meyson Universiteti professori Erik Makglinchi bu yil ingliz tilida nashrdan chiqqan “Xaos, zo’ravonlik, sulola: Markaziy Osiyoda siyosat va din” nomli kitobida hukmron doiralarga nazar tashlaydi.
AQShning Jorj Meyson Universiteti professori Erik Makglinchi bu yil ingliz tilida nashrdan chiqqan “Xaos, zo’ravonlik, sulola: Markaziy Osiyoda siyosat va din” nomli kitobida hukmron doiralarga nazar tashlaydi.

G’arbda Markaziy Osiyo rahbarlari haqida gap ketganida, avtoritar, diktatura, zolim, huquqbuzar, shuningdek yulg’ich liderlar degan so’zlar tilga olinadi. Tez-tez beriladigan savollardan biri esa O’zbekiston va Qozog’istonning 70 dan oshgan prezidentlari haqida: Ulardan keyin nima bo’ladi? Amerikalik olim Erik Makglinchi (Eric McGlinchey) o’zining yangi kitobida regiondagi siyosat va ijtimoiy hayotni tahlil qiladi. Yaqin tarix, islomiy uyg’onish va hokimiyat uchun kurash singari masalalar haqida yozadi.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 2010-yil iyun oyidagi anjumanidan, Toshkent
Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 2010-yil iyun oyidagi anjumanidan, Toshkent

O’zgarishlar bo’lishi va ular oson kechmasligi aniq. Uzoq yillar temir panja ostida yashagan jamiyatlarda hukmdor vafot etgach yoki boshqa biror sabab bilan hokimiyatdan ketgach, o’ziga xos beqarorlik, mavhumlik vujudga keladi.

Turkmanistonda 2006-yilda Saparmurod Niyozov hayotdan ko’z yumganida, soyada turgan arboblardan biri, Qurbonguli Berdimuhammedov muvaqqat rahbarlikka keldi. Nomiga saylov o’tkazildi va u 95 foizdan oshiq ovoz bilan demokratik prezident deb e’lon qilindi. Siyosiy-ijtimoiy o’zgarishlar bo’ldi, lekin tuzum u qadar yangilanmadi. Ko’plab turkmanlarning aytishicha, o’tish davri deyarli sezilmadi.

Siyosiy dinamikani o’rganib kelayotgan ko’plab mahalliy va xorijiy ekspertlar taxminicha, O’zbekiston va Qozog’istonda ham shu ssenariy takrorlanishi mumkin. Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev o’rniga kim kelishi haqida, tabiiyki, hozir og’iz ochmaydi, ammo ko’z ostiga olib qo’ygan shaxslar bo’lsa ajabmas. Balki bu shaxslarning o’zi hali bu haqda bilmaydi. Konstitutsiya prezident qanday yangilanishi haqida tegishli bandlarga ega. O’zbekistonda Senat raisi muvaqqat rahbar etib tayinlanadi va uch oy ichida prezident saylovlari bo’lib o’tadi.

AQShning Jorj Meyson Universiteti professori Erik Makglinchi bu yil ingliz tilida nashrdan chiqqan “Xaos, zo’ravonlik, sulola: Markaziy Osiyoda siyosat va din” nomli kitobida siyosiy elita, hukmron doiralarga nazar tashlaydi.

Erik Makglinchi, Jorj Meyson Universiteti professori, Markaziy Osiyo bo'yicha Amerikaning yetuk mutaxassislaridan biri
Erik Makglinchi, Jorj Meyson Universiteti professori, Markaziy Osiyo bo'yicha Amerikaning yetuk mutaxassislaridan biri

Qirg’iziston, deydi u, juda kichik sonli siyosiy elitaga ega. Shu bois hokimiyatni ag’darish, hukmron doira vakillarini o’z tomoniga og’dirish oson. Mayda partiyalar ko’p, koalitsiya shaklida harakat qilganida ham ularni “sotib olish” qiyin emas. Chunki liderlar ko’p hollarda “sotiladi”. Siyosiy o’yinlar o’ynash oson.

O’zbekiston va Qozog’istonda esa boshqaruvdagi partiyalar juda katta va ular tamoman bo’ysundirilgan. Siyosiy erkinlik yo’q. Ularning orasidan kimdir chiqib, prezident bilan bellasha olmaydi. Chunki, atrofda sotiladigan odam yo’q. Xohlaganlar ham bundan qo’rqadi.

Nursulton Nazarboyev va Dmitriy Medvedev, 10-iyun 2010
Nursulton Nazarboyev va Dmitriy Medvedev, 10-iyun 2010

Qozog’iston, deydi Erik Makglinchi, iqtisodiy jihatdan ancha oyoqqa turib olgani, aholining eng zarur talablari qondirilgani sabab Nursulton Nazarboyev eng ma’qul lider sifatida ko’riladi. Undan ham yaxshiroq hayot va’da qilayotganlarning esa tarafdorlari juda oz. Respublikada Nazarboyev umrbod lider bo'lib qolishi lozim degan fikr keng tarqalgan.

G’arbda ko’pchilik siyosatshunoslarning tahlili shuki, tarixan, region xalq istagiga asoslangan va uning uchun xizmat qiladigan hukumatlarni ko’rmagan. Podshoh va xonlar, amir va boshqa yakkahokimlar qo’lidan Sovet Ittifoqidek avtoritar tuzumga o’tgan, undan esa mustaqillikka qadam qo’ydi. Lekin siyosiy mentalitet o’zgarmadi. Kommunizm mafkurasi ostida katta bo’lgan va bu tuzumga xizmat qilgan odamlar o’zini endi qanchalik demokratik lider deb atamasin, amalda avtoritar.

Jamiyatlar o’z-o’zini boshqara olishi uchun, ya’ni demokatik tuzumlar vujudga kelishi uchun hali uzoq vaqt kerak, deydi siyosiy tahlilchi, Deyvid Abramson.

Islom Karimov va Dmitriy Medvedev, 13-iyun 2011
Islom Karimov va Dmitriy Medvedev, 13-iyun 2011

Avlodlar o’zgarar ekan, mentalitet ham o’zgarib boradi, lekin tub muammolar hal etilmasligi mumkin. Odamlar erkinlik va huquqlardan qanday foydalanishni o’rganishi, hukumatni savolga tuta bilishi kerak. Buning uchun esa jamiyatning siyosiy-ijtimoiy ongini oshirish kerak. Bugun jamiyat qanday boshqarilayotganiga e’tibor bering. Qolaversa, ta’lim saviyasi qanday? Axborot vositalari qanday ishlayapti? Infratuzilma qay ahvolda? Ertangi kunni mana shu savollarga javoblar belgilaydi, deydi u.

Erik Makglinchi ham o’z kitobida shunday xulosaga keladi: Amerika bu o’lkalarda demokratiya va fuqaro jamiyati targ’ibotini uzoq muddatga moslashi va yaqin kelajakda “mo’jiza” kutmasligi kerak.

Toshkent
Toshkent

Erik Makglinchi o’z kitobida islom bugun Markaziy Osiyo jamiyatlarida qanday rol o’ynayotganini tahlil qilib chiqadi. Hukumat diniy muassasalar, masjidlarni tamoman nazorat ostiga olgan va ulardan fundamentalizmga qarshi kurashda foydalanib kelmoqda. Lekin jamiyatlar tobora musulmonlashib borayapti. O’zbekistonda aholining 95 foizi o’zini musulmon deb biladi va haftada qariyb 37 foiz aholi islomiy maqsadlarda xayriya qiladi.

Dindorlarning moliyaviy jihatdan kuchayishi tahdid sifatida talqin qilinadi, deydi Erik Makglinchi. Andijonda tadbirkor dindorlar boshlagan harakat 2005-yilda kuch bilan bostirildi. Ammo, deydi Makglinchi, namozxonlarning kuchayishi tabiiy jarayon. Davlat ularning yo’lini to’sish uchun shafqatsiz choralar ko’rishga shay turgani ham oydek ravshan.

O'zbekiston masjidlarida
O'zbekiston masjidlarida

Tahdid va zo’ravonlikning oldini olish korrupsiya ildiziga bolta urishni talab qiladi. Qirg’izistonni xonavayron qilgan narsa, qo’shni davlatlar da’vo qilayotganidek, erkinlik yoki demokratiya emas, balki yulg’ichlik, pul deb vijdonni sotish. Xorijiy yordam Qirg’izistonda hamisha siyosiy elita orasida bo’lib olingan. Prezidentlar uni ko’proq o’z cho’ntagiga urgan paytda elita nafratiga uchrab, ag’darildi - Askar Akayev, Kurmanbek Bakiyev.

Makglinchi O’zbekistonda xalq erkinlikni eplay olmaydi, bu yurtni qattiqqo’l odam boshqarishi kerak degan iddaolardan yiroq.

Olim fikricha, odamlar muammolarni ochiq muhokama qilib, birgalikda yechim izlashga o’rgana oladi. Jamiyatni yangi davrga olib kirishga tayyor yoshlar, yetuk mutaxassislar va ziyolilar juda ko’p. Tepada o’tirganlar buni anglab yetishi, xavfsiramasligi va o’z fuqarolariga ishona bilishi kerak.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG