G’arb Afg’onistonga yuk yetkazishda Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni kuchaytirar ekan, O’zbekiston-Tojikiston nizosi bunga dog’ tushirishi mumkin.
Ayniqsa, temir yo’ldagi kelishmovchilik muammo.
O’zbekiston rasmiylarining aytishicha, Surxondaryoda temiryo’l ko’prigida yuz bergan portlash tufayli turib qolgan yuk vagonlarini Tojikiston boshqa yo’nalishdan qabul qilishni istamayapti.
Tojikistonning ko’prikni ta’mirlab qo’ying, degan talabi O’zbekistonda inobatsiz qolmoqda.
Tojikiston deputatlari O’zbekiston parlamentiga rasmiy Toshkentning “temir yo’l qamali”ni bekor qilishda yordam so’rab murojaat qilgan edi.
O’zbekistonning Tojikistonga o’tayotgan yuk vagonlari birinchi bor ushlab qolinayotgani yo’q. Rasmiy Dushanbe e’tirozini yashirmaydi.
O’zbekiston tomoni buni turli texnik nosozliklar bilan izohlab kelsa-da, asosiy sabab Tojikiston qurayotgan Rog’un GESidir. Ushlab qolinayotgan vagonlaridagi yuk asosan qurilish mahsulotlari.
Ayrim nashrlarga ko’ra, (euroasia.net) O’zbekiston hukumatining navbatdagi temir yo’l qamaliga sababni Rog’undan emas, Afg’onistonga yuk yetkazivchi shimoliy tranzit yo’lidan izlash kerak. Taxminlarga ko’ra, so’nggi portlash mazkur tranzitda o’z xizmatini taklif qilayotgan Tojikistonni raqobatdan siqib chiqarish uchun uyushtirilgan bo’lishi mumkin.
Rasmiy Toshkent avvalroq ko’prikni noma’lum qo’poruvchi guruh nishonga oldi, degan edi. Bu taxminlar shundoq ham tarang Dushanbe-Toshkent aloqalariga zarba berdi.
Tahlilchilar suv muammosi yechilmas ekan ziddiyatlar chuqurlashaveradi, deydi. Rog’un mintaqaviy masaladan xalqaro muammoga aylanganday.
O’zbekiston va Tojikiston Rog’un bo’yicha xalqaro hamjamiyatni o’ziga og’dirishga urinib keladi. Bu ziddiyat siyosiy-iqtisodiy aloqalar rivoji uchun ham to’siqdir.
“Nafaqat Yevropa Ittifoqi, balki xalqaro tashkilotlar ham ziddiyat yechimiga ko’maklashishga uringan. Albatta, yordam qo’lini cho’zish haqidagi bu niyatlar samara bermayapti va buni faqat mintaqa davlatlari o’zi hal etishi mumkin degan tasavvur bor”, - deydi tahlilchi Farxod Tolipov.
Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon yaqinda Germaniyada bo’lib, energetik hamkorlik to’g’risida bitim imzoladi. Germaniya investitsiyani oshirishga tayyorligini bildirgan.
Rahmon mintaqada energetik ziddiyatni bartaraf etishda Germaniyaning harakatlariga minnatdorchilik bildirgan. Tashrifda Rog’un masalasi ko’tarilgan-ko’tarilmagani noaniq.
Germaniya Markaziy Osiyo suv zaxiralarini o’rganishga doir loyihani moliyalaydi. Unga ko’ra Germaniya, O’zbekiston va Tojikiston mutaxassislaridan iborat guruh mintaqa ekologiyasi yuzasidan tadqiqotlar olib bormoqda.
“Yevropa Ittifoqi strategiyasida mintaqadagi ziddiyatli vaziyatlar, xususan, suv taqchilligini hal etish rejasi aniq ifoda etilgan”, - deydi Tolipov.
Rog’un bo’yicha Jahon banki ekspertiza ishlarini davom ettirayotgan bo’lsa-da, tomonlar tugal xulosani tan olmaydigan ko’rinadi.
Sharhlovchilar fikricha, region davlatlari o’zaro kelishmas ekan, bu xalqaro munosbatlarda ham muammolar tug’diradi. Ayniqsa, Afg’onistonda ahvol na u yoqli, na bu yoqli bo’lib turgan bir pallada.