Qirg'izistonda prezident saylovlari kampaniyasi boshlandi. Jarayon 30-oktabrga belgilangan. 83 da'vogardan 20 nafari saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o'tib, rasmiy nomzod sifatida ro'yxatga olindi.
Markaziy Saylov Komissiyasi ro'yxatga olgan 20 nomzoddan besh nafari parlamentdagi barcha fraksiyalar liderlari, 12 kishi esa mustaqil nomzod. Bosh vazir Olmosbek Otamboyev ham saylovlarda qatnashadi. Shu munosabat bilan u o'z vakolatlarini ikki oyga o'rinbosariga topshirgan.
Taniqli huquq himoyachisi Tolekan Ismoilovaning aytishicha, bu yilgi jarayon ham qonunbuzarliklardan xoli emas, ammo prezident saylovlari adolatliroq o'tishiga umid bor.
"Saylovlarni nazorat etishga yondashuv bu yili o'zgacha, chunki saylovlar ilk bor parlament tizimi hukmron sharoitda o'tmoqda. Markaziy Saylov Komissiyasi ham fuqarolik jamiyati, ham xalqaro tashkilotlar nazorati ostida ishlamoqda. Bundan ko'nglimiz to'q, ammo ijtimoiy tartibni saqlash muammoligicha qolmoqda, chunki aholi qo'lida ko'plab qurol qolgan. Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash sust kechmoqda. Qo'poruvchi kuchlar saylov jarayonini izdan chiqarmasin, degan xavotir bor", - deydi huquq himoyachisi.
Qirg'iziston parlament tizimiga o'tib, prezident vakolatlari qisqartirilganiga qaramay prezident saylovlariga qiziqish katta. Asosiy da'vogarlar - Bosh vazir Otamboyev, "Ota-Yurt" partiyasi rahbari Qamchibek Toshiyev va "Butun Qirg'iziston" partiyasi yetakchisi Adaxon Madumarov.
Tolekan Ismoilovaning aytishicha, ayrim arboblar prezident vakolatlarini tiklashga umid qilmoqda.
"Agar qirg'izistonliklar saylovlarda faol ishtirok etmasa, mojaroli va munozarali masalalarni tinch yo'l bilan hal etishni o'rganmasa, avtokratik arboblar parlament tizimiga qarshiligini kuchaytirishi mumkin", - deydi huquq himoyachisi Tolekan Ismoilova.
Qirg'izistonning AQShdagi sobiq elchisi Zamira Siddiqova nazarida da'vogarlarga ro'yxatdan o'tish uchun qo'yilgan shartlar, xususan 30 ming imzo to'plash, davlat tili bo'yicha imtihondan o'tish, ikki yarim ming dollar tovon to'lash kabilar o'tmish sarqitlari bo'lib, da'vogarlarni teng imkoniyatdan ayirdi.
"na shu uch repressiv vosita yordamida Olmosbek Otamboyev boshchiligidagi hukumat o'z imkoniyatlarini oshirmoqda. Kuni kecha prezidentlikka nomzodlar va arboblar yagona front tashkil etib, ma'muriy resurslarning saylov jarayonida ishlatilishi va saylov kuni ovozlarni soxtalashtirish ehtimolidan xavotir bildirgan", - deydi sobiq elchi.
Zamira Siddiqovaning aytishicha, o'tgan yilgi davlat to'ntarishi, janubdagi xunrezliklar, saylov jarayoniga doir muammolar hamda mamlakatning shimol va janubga bo'linishi xavfli holatni yuzaga keltirishi mumkin.
"Bir oy oldin mamlakatda bo'lib, shunga guvoh bo'ldimki, shimolliklar janublik nomzodga, janubliklar esa shimollik nomzodga ovoz bermoqchi emas. Odamlar nomzodlarni, ularning dasturlari, qarashlarini muhokama qilayotgani yo'q. Ular uchun eng muhimi nomzodning qayerdan ekani", - deydi sobiq elchi.
Zamira Siddiqovaning aytishicha, janub aholisi shimolnikidan 20 foizga ko'p, ammo janubda aholining 40 foizini o'zbeklar tashkil qiladi. Ular etnik qirg'inda janublik arboblarni ayblab, ularga ovoz bergisi kelmasada, o'zbeklarga bosim kuchli bo'ladi, deydi Qirg'izistonning AQShdagi sobiq elchisi.
Tolekan Ismoilova nazarida bunday qutblashish respublika uchun xavfli. Xalq ikki inqilobni, ikki bor etnik zo'ravonliklarni, ikki avtoritar rahbarni boshdan kechirdi. Ko'plab odamlar nobud bo'ldi, jumladan faolning turmush o'rtog'i, jurnalist Asilbek Ismoilov. Xalq bundan ortig'iga chidolmasligi mumkin, deydi u.
"Erkinlik uchun kurashimiz zoye ketmasligini istagan bo'lardim. Nafaqat qirg'izlar, balki respublikada yashayotgan 80 millat va elat vakillari uchun. Odamlarni ajratish to'g'ri emas. Chunki dasturxon atrofiga o'tirganda, o'zbekning nonini, dunganning mantisini, koreysning saladini yeymiz. Jamiyatni barbod qilish yaxshi emas".