Breaking News

Prezident Atambayev, erkin matbuot, o’zbek matbuoti


Qirg'iziston sobiq rahbari Roza Otunbayeva, amaldagi prezident Almazbek Atambayev
Qirg'iziston sobiq rahbari Roza Otunbayeva, amaldagi prezident Almazbek Atambayev

Qirg’izistonda yaqinda prezident saylovlari o’tib, sobiq bosh vazir Almazbek Atambayev g’alaba qozondi.

U ishga kirishar ekan, ikki inqilob va qonli qirg’inni boshidan kechirgan davlatda ommaviy axborot vositalari erki, yo’q bo’lib ketgan o’zbek nashr va televideniyesi borasida nima qilinadi? Gap faqat prezidentdami?

Yaqinda Vashingtonda o'tgan tadbirda mana shu savollar o’rtaga tashlandi.

Mamlakatda millatchilik kayfiyati hamon kuchli, parlamentda etnik ozchilik – o’zbeklar manfaati xolis aks etmagan.

Biroq, deydi “Internyus” xalqaro tashkiloti rasmiysi Mariya Razner (Mariya Rasner), Qirg’izistonda o’zbek tili matbuotga sekin-asta qaytmoqda. Tashkilotning Qirg’izistondagi bo’limi boshlig’i saylov paytidan misol keltiradi:

Janubdagi davlat gazetasi – “Jalal-Abad Unu”da ham qirg’iz, ham o’zbek tilida maqolalar chop etildi. O’shdagi “Bashat TV” kanalida saylov paytida qirg’iz tilidagi dasturlar o’zbek tiliga tarjima qilingan holda efirga uzatilgan. Nomzodlardan biri Qamchibek Tashiyevning Jalol-Oboddagi xususiy kanalida debatlarga o’zbeklar taklif qilinib, ularning so’zlari tarjimasiz berilgan”, - deydi Mariya Razner. “Bular oz bo’lsada, ijobiy o’zgarishlar”, - deydi u.

Mazkur ishlarni amalga oshirayotgan - “Intenyus” tashkiloti, uning moliyasi va treyninglari.

Aytib o’tish kerak, “Jalal-Abad Unu”da o’zbek tilida maqolalar chop etila boshlagach, tahririyat telefon orqali qo’rqitishlar, yuzma-yuz tahdidlarga yo’liqqan.

“Bashat TV” janubdagi yopilib ketgan “Mezon TV”ning o’rnida paydo bo’lgan va unda hozir ham qirg’iz, ham o’zbek jurnalistlari ishlaydi, - deydi Razner.

Qirg’iziston adliyasi “Mezon TV” sohibi Javlon Mirzaxo’jayevni o’tgan yil yozda millatchilik va nafratni avj oldirganlik, namoyishlar uyushtirganlik kabilarda ayblab, oktabrda 14 yil qamoq jazosi belgilagan.

Erika Marat, Amerika Universiteti tadqiqotchisining aytishicha, yangi rahbar Almaz Atambayev millat emas, jamiyat, davlatni birdamlikka undamoqda.

Lekin “Qirg’iziston hamma uchun!” shiori bilan chiqib, AQShdan o’rnak olishga va pasportda “millat” satriga Qirg’iziston fuqarosi deb yozishni taklif qilayotgan bu arbobga shubha bilan qaraydiganlar kam emas.

“Matbuotga eshiklarni sekin-sekin ochgan Roza Otunbayevaday progressiv, demokrat emas u”, - deydi Marat.

“Atambayev markazga bo’ysunadigan hokimiyat tarafdori ekani sir emas. U bosh vazir paytida parlamentni ochiqchasiga hurmat qilmasdi va endi bu idora vakolatlarini kesishga urinishi mumkin. Lekin avvalgi prezidentlar misolida aytishim mumkin – repressiv yurtboshi oppozitsiya, matbuot, xalq ovozini o’chirishi mushkul va Atambayev bilan hisoblashish kerak bo’ladi”, - deydi Erika Marat.

Mariya Razner yangi prezident erkin matbuotni jamiyat uchun zarur bir kuch, deb bilmaydi, deya xavotirda. Ammo…

“Atambayev qasamyod keltirayotib, elatlarni birlashtirish haqida bir necha bor gapirdi. Etnik (o’zbek, qozoq, rus, va hokazo) televideniyeni qo’llab-quvvatlashini aytib keladi, imzosi bor hujjatlari, chiqishlaridan ham buni ko’rsa bo’ladi”, - deydi “Internyus” tashkilotining Qirg’izistondagi bo’limi boshlig’i.

Lekin gap faqat prezidentdami yoki matbuot rivoji boshqa omillarga ham tayanadimi, degan savolga Jon Xopkins Universiteti olimi, doktor Alisher Hamidov:

“Kurmanbek Bakiyev davridan ma’lumki, bema’ni rahbar barcha demokratik yutuqlarni bir tiyin qilishi mumkin. Jurnalistlar tahqirlanib, mustaqil telekanallar, gazetalar yopilib ketganini ko’rdik. Qirg’iziston ommaviy axborot vositalarini himoya qiluvchi tizim yo’q. Xalqaro hamjamiyat, donorlar Qirg’iziston matbuotini unutib qo’ygan, keragi yo’q. 1990-yillar boshida bizda jurnalistikani gullatgan xalqaro yordam edi. O'zbek, qozoq, rus va boshqa ommaviy axborot vositalari bemalol ishlar, bundan faxrlanib yurar edik”, - deydi Hamidov.

Muhokamani ingliz tilida tomosha qiling:


Video streaming by Ustrea

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG