Breaking News

Diniy guruhlar hozircha Qirg'iziston siyosiy sahnasidan uzoq


Qirg’izistonda siyosiy erkinlik shabadasi esgan yillarda turli diniy tashkilotlar faollashgani kuzatilgan edi.

Yangi parlament uchun saylovlar yaqinlashar ekan, bu guruhlarning pozitsiyasi qanday? Ular siyosiy partiyalar bilan hamkorlik qilishi mumkinmi?

O’shlik dinshunos, tahlilchi Shamshibek Zokirov fikricha, noqonuniy diniy tashkilotlar mamlakatda bo’lib o’tgan turli saylovlarda o’z holicha qatnashib kelgan.

“Ular oldin ham rasmiy davlat boshqaruv tizimlariga o’z vakillarini qiritishga uringan. Masalan Jalol-Obod viloyatida mahalliy rahbarni saylashda bunday urinish qayd qilingan”, - deydi Shamshibek Zokirov.

Qirg’izistonda joriy oyda Bosh qomus bo’yicha referendum, kuzda esa parlament saylovlari kutilmoqda.

Qirg’izistonda Islom Hamkorligi Xalqaro Markazi deb nomlangan jamoatchilik jamg’armasi rahbari shayh Sodiqjon qori Kamoliddin aytishicha, dindorlar hozirgi siyosiy o’zgarishlardan hech narsa kutmaydi.

“Ular (diniy guruhlar) saylovlarga ham qatnashmaydi, boshqa siyosiy partiyalarga ham qo’shilmaydi. Sababi ularning maqsadi, oldiga qo’ygan g’oyasi boshqa, ya'ni halifalik davlati qurish. Shuning uchun, muvaqqat hukumatdan ham, bo’lajak prezidenttan ham umidlari yo’q. Hozirgi paytda dunyoda hech qaysi hukumat bularning aytgan narsalariga yo’l bermaydi. Buni o’zlari ham tushunushgan”, - deydi ulamo.

Taniqli qirg’iz qalamkashi Abdurashit Urboyev nazarida, rasmiy siyosiy tashkilotlar noqonuniy diniy uyushmalar bilan na ochiq, na pinhona muloqotga bormasa kerak.

“Masalan, “Hizb ut- Tahrir” kabi diniy oqimlar o’zlarini siyosiy partiya deb hisoblaydi. Ammo rasmiy ro’yxatdan o’ta olmagan. Menimcha, ular saylovlarga qatnashishga harakat qiladi. Qandaydir siyosiy partiya bilan birgalikda qatnashishlarini kutsa bo’ladi. Biroq bunday birlashish o’sha siyosiy partiyaga kerakli natija bermasligi aniq”, - deydi Abdurashit Urboyev.

Oddiy musulmonlar Qirg’izistonning yangi hukumati va bo’lajak siyosiy islohotlardan nima kutadi?

“Rasmiy din vakillari musulmonlarni referendumga, saylovlarga qatnashishlikga chaqiradi. Lekin davlat rahbarlari hozirgacha dindorlarga nisbatan kerakli e’tibor ajratishgani yo’q. Dindorlar o’rtasida siyosiy o’zgarishlar haqida lozim bo’lgan ishlar olib borilgani yo’q. Musulmonlarning fikrlari bilan hisoblashish, ularni ushbu katta ishlarga jalb qilish to’g’risida hukumatda yetarli harakat sezilmayapti. Yangi Konstitutsiya loyihasida biz Qirg’iziston musulmonlari “bedin”, “dindan tashqari davlat” degan iborani olib tashlanishini so’rangan edik. Ammo bu narsa bo’lmadi”, - deydi shayh Sodiqjon qori Kamoliddin.

Oddiy fuqarolar esa o’lkadagi siyosiy o'yinlardan charchaganini aytadi. Yaqinlashayotgan referendumga ham qiziqish u qadar katta emas.

XS
SM
MD
LG