Breaking News

Hozir eng muhimi Qirg'izistonda birdamlikni ta'minlash, deydi Tursunboy Bakir o'g'li


Hozir eng muhimi Qirg'izistonda birdamlikni ta'minlash, deydi Tursunboy Bakir o'g'li
Hozir eng muhimi Qirg'izistonda birdamlikni ta'minlash, deydi Tursunboy Bakir o'g'li

Qirg’iziston janubida sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev tarafdorlari muvaqqat hukumatni yoqlayotgan tomonlar bilan olishar ekan, turli elatlar yashovchi bu jamiyatda birdamlikni ta’minlash asosiy masala bo’lib qolmoqda.

Lekin buning uchun, deydi ayrim ko’zga ko’ringan fuqarolar, avvalo siyosiy barqarorlikka erishish kerak.

Mamlakat sobiq ombudsmani Tursunboy Bakir o’g’li hozirda Malayziyada elchi. Arbob O’sh farzandi. O’zbek oilasidan chiqqan. Tarixchi va huquqshunos. “Erkin Qirg’iziston” partiyasi yetakchisi va sobiq deputat.

Tursunboy Bakir o’g’li o’tgan prezident saylovlarida nomzodini qo’ygan edi.

"Amerika Ovozi": Qirg’iziston janubidan chiqqan ziyoli sifatida, xalq vakili sifatida O’sh va Jalolobodga borib, vaziyatni o’z ko’zingiz bilan ko’rdingiz. Qirg’izlar va o’zbeklar jamoasi bilan uchrashib, ahvolni ular bilan muhokama qildingiz. Sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev tarafdorlari va muvaqqat hukumatni himoya qilayotgan kishilar to’qnashuvi qaysidir ma’noda millatlar nizosi, qirg’iz-o’zbek ziddiyatiga aylanayotganday. Buning asosiy sababi nimada?

Tursunboy Bakir o'g'li: Sababi, menimcha hozir Qirg’izistondagi hokimiyat vazifasini bajara olmayapti, ko’p masalalarda tushunmovchilik ko’zga tashlanmoqda. Hukumatning mahkamligi yo’q. Shuning uchun har xil kuchlar o’z qiziqish-manfaatlarini olg’a surishga harakat qilmoqda. Eng yomoni, bu – milliy adovatni ko’tarib chiqish. Men o’zim, janubiy Qirg’izistondan chiqqan siyosatchi sifatida aytib o’tishim kerakki, 1990-yillarda tashqi kuchlar O’rta Osiyodagi millatlarni urushtirmoqchi bo’lganida, Qirg’izistonda qirg’iz-o’zbek urushini ochib yuborganida, undan keyin biz juda qiyinchilik bilan tinchlik o’rnatdik. Eng yomoni, qiyini – qon to’kilganidan keyin odamlarni, millatlarni yarashtirish.

O’zbek va qirg’izlar qardosh millatlar, tarixi, madaniyati mushtarak. Ularni urushtiraman deganlar vatanparvar emas. Men hamisha aytib kelganman – bir davlatning vatanparvari bo’lish oz O’rta Osiyoda. Regiondagi hamma respublikalarning vatanparvari bo’lish kerak. Shunda O’rta Osiyoda yaxshi damlar keladi. Yo’q, har birimiz o’z davlatimizning vatanparvari bo’lib, boshqa millatni ajratsak, bu siyosatga ham to’g’ri kelmaydi, dinimizga ham. O’zingizga ma’lum, Qur’onda yozib qo’yilgan: kim millatni ajratsa, u bizdan emas. Millatchilikni ko’targan insonlar Qirg’izistonning dushmanlari va dinning dushmanlari.

"Amerika Ovozi": Muvaqqat hukumat xalqni tinchitishga harakat qilmoqda. O’zbeklar jamoatchiligiga nima maslahat bergan bo’lar edingiz?

Tursunboy Bakir o'g'li: Menimcha, O’shdagi o’zbeklar jamoatchiligi to’g’ri yo’ldan ketmoqda, milliy masalani siyosiy masalaga qo’shmaylik deb. Ayrim joylarda millatchilikni avj oldirayotgan kishilar aslida, menimcha, siyosatdan uzoq odamlar. Qisqa o’ylik qilishayapti ular. Bugungi kunda Qirg’izistonda asosiy vazifa – tinchlikni saqlab qolish. Undan keyin, saylovlar bo’lganida o’zbeklar o’ziga ma’qul nomzodlarda ovoz berib, ularning parlamentga saylanishiga hissa qo’shish. Ana shunda ular qonunan ish ko’rgan bo’ladi, siyosatga faol qatnashgan bo’ladi.

Bugun siyosatdagi kuchsizlikdan foydalanib, adovatni ko’tarish, qirg’iz bo’ladimi, o’zbekmi – qisqa o’ylik. Xalq hozir butun e’tiborini saylovlarga qaratishi kerak. Lekin menimcha bugun ikki elatni urushtirishga qiziqqanlar nafaqat aholi, balki siyosatchilar orasida ham topiladi. Oz, lekin ular bor. Tashqi kuchlar ham mavjud, menimcha. Bilasiz, hozir katta davlatlarning qiziqishi bor Qirg’izistonda. Davlat notinch bo’lsa, ularga ma’qul bo’ladi, o’z manfaatlari yo’lida foydalanib qoladi".

"Amerika Ovozi": Siz tashkil qilgan Erk Partiyasi parlament saylovlarida qatnashadi deb bilamiz. Siz ham kelasi oy Qirg’izistonga borib, siyosiy kampaniyani boshlamoqchisiz. Vaziyat notinch ekan, xalqda saylovda erkin qatnashish uchun imkoniyat bormi? Saylov qanchalik adolatli bo’ladi?

Tursunboy Bakir o'g'li: Agar Konstitutsion Kengashda ko’tarilgan masalalar referendumga qo’yilsa, menda ishonch bor edi. Lekin yangiliklarni eshitayapmiz, yangi hukumat hech kim bilan kengashmay yangi narsalarni konstitutsiyaga kiritmoqda. Biri – saylovsiz yangi hokimiyat rahbari Roza Otunbayevani prezidentlikka, bir yarim yilga tayinlashdi. Bu qo’rqinchli narsa. Agar tarixni eslab ko’rsak, o’z vaqtida 1991, 1995 yillarda ham birinchi prezident Askar Akayev referendumga, muhokamaga qo’ymasdan masalani hal qilib, o’zi mening hokimiyatimni bir yilga uzaytirib bering deganida, biz, demokratik kuchlar qarshi chiqqan edik.

O’zini hurmat qilgan davlatda saylov bo’lishi kerak, bir odam emas, bir necha kishi chiqishi kerak. Alternativa bo’lishi kerak, deb. Lekin bugungi rahbariyat eski rahbarlarning xatosini takrorlamoqda. Saylovsiz, biz referendum orqali bir odamni prezident qilamiz, deb. Qonun buzilishiga boshdan yo’l qo’ymaslik lozim. Kichik xatodan katta xatolar paydo bo’ladi. Shunda Qirg’izistonda yana bir inqilob ro’y bersa, davlatdan hech narsa qolmaydi.

XS
SM
MD
LG