Breaking News

Qirg'iziston yoshlari siyosat va jamiyatda muhim rol o'ynashga tayyor


Shu kunlarda Qirg’izistonning janubiy viloyatlarida Mustaqil Yoshlar Birlashmasi tashabbusi bilan maxsus forum bo’lib o’tdi. Maqsad jamoatchilik orasida muloqotni yo’lga qo'yish, toki odamlar bir-biri bilan fikr almasha olsin, deydi tashkilotchilar.

O’shdagi tadbirda qatnashgan yoshlar mamlakatdagi vaziyat haqida o’z qarashlarini bildirdi.

“Birimdik KG” jamoatchilik tashkiloti a’zosi Farhod Olimjonovning aytishicha, ular tuzgan uyushma siyosatdan uzoq bo’lib, yoshlar masalalarini hal qilishda yordam ko’rsatadi.

“Boshqa joylardagi yoshlarni to'plashimizning sababi, tashkilotimiz, maqsad va planlarimiz haqida ma’lumot berish edi. Hamda ularning hozirgi jarayonlar to’g’risida fikr-mulohazalarini o’rganish”, - deydi u.

Ushbu anjumanda yangi Konstitutsiya loyihasi ham muhokama qilindi.

“Mamlakatning asosiy qonuni qabul qilinayotgan paytda bizlar chetda qolmasligimiz lozim. Har bir fuqaroga Bosh qomusdagi o’zgarishlarni tushuntirish darkor”, - deydi anjuman qatnashchilari.

Ular fikricha, Konstitutsiya shoshilinch qabul qilinmoqda, muhokama uchun oz vaqt berilgan.

Tadbirda chiqish qilgan yoshlar, davlat boshqaruvida faolroq qatnashish vaqti kelganini aytdi.

“Qirg’izistonda aqlli, tajribali yoshlar oz emas. Ularning ham maqsadlari, umidlari bor. Iste’dodli yoshlar orasida tanlov o’tkazib, ularni davlat boshqaruv tizimlariga tayinlash kerak. Biz ham mamlakat kelajagi uchun hissamizi qo’shmoqchimiz”, - deydi faol yoshlardan biri Asqar Qoraboyev.

Bishkekdagi “7 aprel” yoshlar harakatining vakili Mirlan Bekitayev prezidentlikka nomzodning minimal yoshini 35 dan 25 ga, deputat nomzodning minimal yoshini esa 22 ga tushirishni taklif qilgan, bu esa konstitutsiyaviy kengash a’zolari orasida bahsga sabab bo’lgan.

“Yoshlarni rahbariyatga saylash yoki tayinlash yangi avlodga rag’bat bergan bo’lar edi”, - deydi Mirlan Bekitayev.

Ammo ko’p yoshlar va konstitutsiyaviy kengash vakillari yosh chegarasini pasaytirish kerak emas degan fikrda.

Ular nazarida davlat boshqaruv tizimlarida ishlashni xohlagan odamlar bilimli, tajribali bo’lishi lozim.

O’sh shahar Yoshlar ishlari bo’yicha qo'mita yetakchisi Nurlan Zakirov deydiki, hozirgi paytda yoshlar birdaniga oliy lavozimlarga intilmasligi lozim.

“Eng avval yosh kadrlarni o'qitish, o’rgatish kerak. Ularga lozim bo’lgan bilimni berish kerak. Hayotiy tajriba ham muhim narsa. Barchamiz davlat tizimlariga o’tirib olsak, qolgan yumushlarni kim qiladi?” - deydi Zakirov.

Hozirda aksar janjallar yoshlar orasida ro’y bermoqda. Bu esa, deydi ba'zilar, aynan, yoshlarning o’zlari bu kabi salbiy ko’rinishlarga chek qo’yishi mumkin.

Jamoatchilik yoshlarning kimningdir qo’lida bir vosita yoki qurol bo’lib qolayotganidan tashvishda. Siyosatchilar yoki turli guruhlar ulardan o’z manfaatlarida foydalanayotgani ko’zga tashlanadi.

“Mamlakat yoshlarini aql, fikr-mulohaza bilan harakat qilishga chaqiraman. Sodir bo’layotgan voqealar Qirg’izistonda tinchlik o’rnatishga salbiy ta’sir qilmoqda”, - deydi Nurlan Zakirov.

"Nima bo’lsa-da, hozir Qirg’iziston yoshlari hokimiyat va jamiyatda salmoqli o’rin egallashga harakat qilmoqda. Va bu ijobiy hol", - deydi mahalliy tahlilchilar.

XS
SM
MD
LG