Qirg’iziston janubidagi to’polonda bir kishi halok bo’lib, 60 nafari jarohat olgan. Jalolobod viloyatida kecha boshlangan g’alayonda sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev tarafdorlari muvaqqat hukumatni yoqlagan guruhlar to’qnashgan.
Guvohlarning aytishicha, muvaqqat hukumat O’sh va Jalolobod shaharlarida nazoratni qo’lga olgan. Kecha sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev tarafdorlari hukumatga qarashli ayrim binolarga hujum qilgan edi. Jalolobod viloyati hokimiyat binosiga “Biz Bakiyev bilan”, “Bakiyev – qonuniy prezident” degan shiorlar ilingan.
Jalolobod viloyati sobiq gubernatori Qo’shbay Masirov odamlarga qarata so’zlab, eski hukumat bajargan ishlar, yutuqlar haqida gapirib, yangi hukumatni kuchsiz deya ta’riflagan.
Tunda O’shga Mudofaa vaziri lavozimini bajarayotgan general Ismoil Isoqov kelgan. Ammo tomonlar o’rtasida kechgan muzokara natija bermagan.
Bu orada muvaqqat hukumat O’sh viloyatida sobiq prezident safdoshi, taniqli siyosatchi Usen Siddiqovni hisbga olgan. U kecha O’shda ro’y bergan to’polon tashkilotchilaridan biri ekani aytilmoqda. Qirg’iziston Kommunistlar partiyasi rahbari, parlament deputati Ishoq Masoliyev militsiya tomonidan olib ketilgani xabar qilinmoqda.
O’shdagi chiqishlarda o’zbeklar ham qatnashgan. Muvaqqat hukumat tarafdorlari orasida ularning soni ko’proq kuzatilgan.
Ayniqsa, Jalolobodda olishuv keskin kechgani, otishmalar ro’y bergani, odamlar kaltaklangani xabar qilinmoqda.
Tibbiyot xodimlarining aytishicha, ba’zilar o’q yarasi bilan, boshqalar do’pposlanish natijasida kasalxonalarga yetkazilgan. Ayrimlarining ahvoli og’ir. O’sh shahrida muvaqqat rahbariyat tarafdorlari Bakiyevni qo’llab-quvvatlagan odamlarni hokimiyat binosidan haydab chiqargan.
AQShning Qirg’izistondagi elchixonasi janubdagi siyosiy g’alayon va zo’ravonlikdan tashvish bildirib, mojaroni tinch yo’l bilan ham qilishga da’vat etmoqda.
Rossiya va Qo’shma Shtatlar muvaqqat hukumatni qo’llab-quvvatlar ekan, Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibi Nikolay Patrushev nazarida voqeaga aralashishga hojat yo’q. Qirg’iziston hukumati tartib-intizomni tiklashga qodir, deydi u.
Muvaqqat rahbar Roza Otunbayeva “boshqaruvdan chekinmaymiz – Bakiyev tarafdorlari davlat tinchini buza olmaydi” demoqda.
Misnkda panoh topgan sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev qirg’iz rahbarlari tomonidan ommaviy qirg’inda, isyon ko’targan xalqqa nisbatan kuch ishlatishga ko’rsatma berganlikda ayblanmoqda. Otunbayeva ma’muriyati Belarusdan Bakiyevni ekstraditsiya qilishni, Qirg’iziston adliyasiga topshirishni so’ramoqda.