Breaking News

AQSh saylov muborak desa, Atambayev "Manas" vaqtincha deydi


"Manas" tranzit bazasi Afg'onistondagi harbiy harakatlar uchun muhim ob'yekt. Amerika uning uchun Qirg'izistonga yiliga 60 million dollar to'laydi. Iqtisodiy inqirozda yashayotgan Qirg'iziston uchun "Manas" yirik daromad manbai.
"Manas" tranzit bazasi Afg'onistondagi harbiy harakatlar uchun muhim ob'yekt. Amerika uning uchun Qirg'izistonga yiliga 60 million dollar to'laydi. Iqtisodiy inqirozda yashayotgan Qirg'iziston uchun "Manas" yirik daromad manbai.

Qirg’izistonda yakshanba kungi prezident saylovlarida berilgan ovozlar deyarli hisoblab bo’lingan. Sobiq bosh vazir Almazbek Atambayev 63 foizdan ko’p ovoz bilan g’olib deb ko’rilmoqda.

Uning bosh raqiblari Adaxon Madumarov va Qamchibek Tashiyev jarayon qonuniy o’tmadi, xatoliklar kop’ edi, deb shikoyat qilmoqda. Ular ommaviy namoyishlar boshlaymiz, deb ogohlantirmoqda. Tashiyevning ona shahri Jalol-Obodda dushanba kuni chiqishlar bo’lgani ma’lum.

Atambayev murosa haqida gapirmoqda.

“G’arbdagi, Yevropadagi kabi siyosiy muzokara qilish kerak. Muammoni inqilob emas, murosa yo’li bilan hal qilishni o’rganishimiz lozim”, - deydi u.

Olmosbek Otamboyev Bishkekda jurnalistlar bilan suhbatda
Olmosbek Otamboyev Bishkekda jurnalistlar bilan suhbatda

Atambayev bugun jurnalistlar bilan suhbatda AQSh va “Manas” tranzit markazi haqida to’xtaldi.

“Qirg’iziston amaldagi shartnomalarga qat’iy amal qiladi. Biroq Qo’shma Shtatlar 2014-yilda ijara muddati tugagach, inshootni bo’shatishi kerak. Bitimni uzaytirish niyatimiz yo’q”, - dedi u.

AQSh bu ob’yektdan Afg’onistonga o’tish punkti sifatida foydalanib keladi.

“Amerika Iroq va Afg’onistonda urush qilmoqda. Eron bilan munosabatlar ham taranglashgan. O’rtada Qirg’iziston jabr ko’rishiga yo’l qo’ymayman”, - deydi Almazbek Atambayev.

“AQSh bilan orasi sovuq kuchlar “Manas” tranzit markazini nishonga olishi mumkin. Bu yerdagi xalqaro aeroport faqat shu davlat fuqarolariga xizmat qilishi kerak. Qirg’iziston xalqi xavfsizligi biz uchun birlamchi masala”, - deydi arbob.

Tranzit baza uchun yiliga 60 million dollar to’laydigan Vashington Atambayev bayonotiga munosabat bildirar ekan, "Masala yangi hukumat bilan muhokama qilinadi", - deydi Viktoriya Nuland, Davlat departamenti so'zlovchisi.

Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi, “Manas” kelajagi vaqti kelganda hal etiladi deb keladi.

Atambayev - Kremlga xayrixoh siyosatdon. Qirg’izistonda, ma’lumki, Rossiyaning ham bazasi bor.

Amerika kuchlari Iroqdan bu yil oxirigacha chiqib ketadi, Afg’onistonda esa 2014-yilda.

Bu yil oxiriga borib prezidentlik lavozimini Otamboyevga bo'shatadigan Roza Otunbayeva Amerika bilan yaqin aloqada bo'lib kelgan. Prezident Barak Obama bilan bir necha bor ko'rishgan. AQSh-Qirg'iziston muzokaralari, 2010, Nyu-York.
Bu yil oxiriga borib prezidentlik lavozimini Otamboyevga bo'shatadigan Roza Otunbayeva Amerika bilan yaqin aloqada bo'lib kelgan. Prezident Barak Obama bilan bir necha bor ko'rishgan. AQSh-Qirg'iziston muzokaralari, 2010, Nyu-York.

Prezident Barak Obama fikricha Qirg’iziston xalqi haqiqiy demokratiya sari muhim, dadil qadam tashlamoqda.

Davlat kotibasi Xillari Klinton nazarida xalq kechagi saylovlarda faol qatnashib, demokratik jamiyat qurishga bel bog'laganini namoyon etdi.

"Nomzodlar bir-biri bilan erkin kurasha oldi va xalqaro hamda mahalliy kuzatuvchilar butun jarayonni bemalol monitoring qila oldi",- deydi Klinton xonim bayonotida.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik Institutlar va Inson Huquqlari bo'yicha Idorasi bergan hisobotga ko'ra, saylov jarayoni ochiq o'tgan va xalqaro me'yorlarga javob bergan.

Ammo kamchilik va xatolar kuzatilgan va ular tuzatilishi shart, deydi AQSh bosh diplomati. Saylov paytida, misol, bir kishi butun oila uchun ovoz bergan, fuqarolar ro’yxatga kirmay qolgan, ovozlarni sotib olish hollari qayd etilgan.

"Men Markaziy saylov komissiyasini barcha shikoyatlarni oshkora ravishda ko'rib chiqib, muammolarni tekshirishga undayman",- deydi Xillari Klinton.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG