Rasmiy Tokio va Vashington o’rtasida Okinava orolida joylashgan AQSh qo’shinlari ustidan bahs avjida. Bu yerdagi aviabazani ko’chirishga tayyorgarlik ketmoqda.
Yillar davomida AQSh zobitlari sodir etgan jinoyatlar mahalliy aholi noroziligini oshirgan. Tomonlar murosaga intilar ekan, Yaponiya tashqi ishlar vaziri orolga borib, odamlarni tinchlantirishga harakat qildi.
Tashqi ishlar vaziri Koichiro Gemba Okinava oroli gubernatori bilan uchrashdi. Aviabazada ishlayotgan amerikalik noharbiy mutaxassislarni, kerak bo’lsa, jinoiy jazoga tortish huquqini berishni so’raganmiz, deydi u. Amerika tomon shartli tarzda talabni qabul qilgan.
“AQSh qurolli kuchlarining Yaponiyada joylashtirilishi haqidagi shartnomaga boshqa o’zgartirishlar kiritishni ham talab qilyapmiz”, - deydi vazir.
Okinava gubernatori Xirokazu Nakaima bundan mamnun. Avvalgi kelishuvga muvofiq, Yaponiyada jinoyat sodir etgan amerikalik harbiylarni jazoga tortish huquqi bu hukumat qo’lida emas edi.
“Okinava ahli Yaponiya-AQSh o’rtasidagi shartnomaga bundan ham sezilarliroq o’zgartirishlar kiritilishiga umid qiladi”, - deydi gubernator.
AQSh harbiy xizmatchilari Okinavada sodir etgan jinoyatlar, ayniqsa buning uchun yengil jazo olishi jamoatchilikning qattiq noroziligiga sabab bo’lgan.
O’tgan hafta Okinava prokuraturasi aviabazaning amerikalik xodimini yo’l-transport halokatiga sababchi bo’lganlikda aybladi. Uning natijasida 19 yoshli yapon nobud bo’lgan edi.
AQSh tarafi aybdorning haydovchilik guvohnomasini 5 yil muddatga bekor qilish bilan cheklangan.
2005-yildan buyon tomonlar aviabazani Nago shahriga ko’chirish masalasini muhokama qiladi. Hozirda u Ginovan shahrining qoq markazida joylashgan. Keskin kayfiyatdagi siyosiy guruhlar esa AQSh qo’shinlari Okinavadan butunlay olib chiqilishi kerak, deb aviabazani Yaponiyaning boshqa qismida joylashtirishni talab qilayapti.