Breaking News

Tinch okeani mintaqasi xavfsizligi AQSh uchun ustuvor vazifalardan


Tinch okeani mintaqasi xavfsizligi AQSh uchun ustuvor vazifalardan
Tinch okeani mintaqasi xavfsizligi AQSh uchun ustuvor vazifalardan

AQSh Qurolli Kuchlarining Tinch okeani qo'mondonligi rahbari admiral Robert Villardning aytishicha, Amerikaning Osiyo va Tinch okeani mintaqasida joylashgan harbiy kuchlari bundan keyin ham mahalliy davlatlar xayrixohligida ishini davom ettiradi.

Gavayi shtatida mintaqa davlatlari bilan iqtisodiy hamkorlikni muhokama qilgan prezident Barak Obama shu hafta Avstraliya va Indoneziyada bo'lib, xavfsizlik bobidagi sheriklik bo'yicha fikr almashadi.

Admiral Villardning aytishicha, AQSh-Xitoy munosabatlari Tinch okeani qo'mondonligining eng muhim besh vazifasidan biriga kiradi.

Rasmiy Pekin tabiiy resurslarga boy Janubiy Xitoy dengiziga da'vo qilar ekan, o'z manfaatlarini himoya etishda bo'sh kelmasligini bildirib, qo'shni davlatlarni xavotirga solgan. Dengiz muhim transport korridori ham bo'lib, u orqali yiliga 5,3 trillion dollarga teng mahsulot o'tadi, shuning choragidan kattaroq qismi AQSh bilan savdoga aloqador.

Qo'shma Shtatlar dengiz xavfsizligini ta'minlab, munozarali masalalarni hal etishda yordam beradi, deydi admiral. Amerika harbiy kuchlarining mintaqada joylashuvi ayrim davlatlar uchun xavfsizlik kafolati hamdir.

"Dengiz yo'llarida uzilish bo'lmasligi juda muhim. Mojaroning oldini olish vazifamiz", - deydi Villard.

Shu munosabat bilan Avstraliyaning Amerika qurolli kuchlariga o'z harbiy bazalaridan foydalanish huquqini bermoqchi ekani muhim. Ayrimlar nazarida bu Xitoyning oshib borayotgan qudratini muvozanatda ushlab turish uchun zarur.

Ammo Qo'shma Shtatlar byudjet muammolariga yuz tutar va xarajatlarni kamaytirish ustida maxsus qo'mita bosh qotirar ekan, Mudofaa vazirligiga ajratiladigan pul kamayishi mumkin. Bu esa Amerikaning global harbiy maqsadlarini cheklashi turgan gap.

Biroq admiral Villardning umid qilishicha, Tinch okeani qo'mondonligi bundan zarar ko'rmaydi.

"Mintaqaning dunyo va AQSh uchun ahamiyatini tushungan rahbarlarimiz to'g'ri qaror qabul qiladi degan fikrdaman. Bu kelajakda agressiya va mojaroning oldini olish uchun juda ham muhimdir", - deydi admiral.

Osiyo va Tinch okeani hududidagi Qo'shma Shtatlar uchun dolzarb boshqa masalalar bu Shimoliy Koreya yadro dasturi, qurollar tarqalishi, Filippin kabi mamlakatlarda zo'ravon ekstremist guruhlarni nazorat etishdir, deydi qo'mondonlik rahbari.

Janubiy Osiyo ham bu ma'noda muhim region. Pokistonda Lashkari Toiba jangarilari faol, Hindiston bilan esa dengiz xavfsizligi, jumladan, qaroqchilarga qarshi kurashda qo'shma amaliyotlar mavjud.

Prezident Obama mintaqa bo'ylab safari davomida Avstraliya, Yangi Zelandiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Tailand va Filippin rahbarlari bilan ayni masalalar haqida gaplashadi.

AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton ham Baliga otlangan. Yo'l-yo'lakay Filippin va Tailandda to'xtab o'tadi. Filippin prezidenti Beninyo Akino bilan uchrashuvi chog'ida Xitoy bilan Janubiy Xitoy dengizidagi munozarali masalalar gaplashiladi.

Xitoy va dengiz bo'yidagi bir necha davlat bu hududga da'vo qiladi. Rasmiy Pekin o'z manfaatlarini kerak bo'lsa harbiy yo'l bilan himoya qilishini aytganidan so'ng mamlakatlar xavotirga tushib, AQShdan madad so'ramoqda.

Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi Bosh kotibi Surin Pitsuvanning aytishicha, Indoneziyadagi sammitda savdo, savdoni erkinlashtirish, ommaviy qirg'in qurollari tarqalishining oldini olish, Janubiy Xitoy dengizi va Koreya yarim orolidagi vaziyat muhokama etiladi.

"Bu mavzular barcha a'zo davlatlar uchun e'tiborga molik. Yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish, tabiiy ofatlar paytida yordam berish ham shular jumlasidan", - deydi Surin Pitsuvan.

Bu o'rtada Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasiga a'zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari Birmani 2014-yilga rais etib saylashga qaror qildi. Vazirlar bugun Indoneziyaning Bali orolida Sharqiy Osiyo davlatlari rahbarlari sammitidan oldin uchrashgan.

Birma Tashqi ishlar vaziri Vunna Maun Lvinning aytishicha, a'zolar bu mamlakatda inson huquqlari bobidagi ayrim ijobiy qadamlarni inobatga olib, raislikni Birmaga berishga qaror qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG