Tokio va Vashington uzoq bahsdan keyin Yaponiyaning Okinava orolida joylashgan harbiy havo bazasidan minglab zobitlarni ko’chirishga kelishdi. Aksariyat yaponlar AQSh qo’shinlari butunlay chiqib ketishi tarafdori.
Boshi berk ko’chaga kirib qolgan muzokarani siljitish uchun, Yaponiya rasmiylari fikricha, oroldagi harbiy bazani yopish va AQSh qo’shinlarini olib chiqish masalasini alohida muhokama qilish lozim.
Futenma bazasi Ikkinchi jahon urushi tugab, Yaponiya mag’lub etilgach qurilgan.1995-yilda amerikalik uch zobit mahalliy o’quvchi qizni zo’rlagach, katta namoyishlar boshlangan va tomonlar Futenmani yopishga kelishgan edi. Bu qachon amalga oshadi hali noma’lum.
Shu hafta Vashingtonda Yaponiya delegatsiyasi AQSh rasmiylari bilan uchrashib, seshanba kuni murosaga erishdi. Bitim hali to’liq ishlab chiqilmagan, deydi Pentagon vakili Jorj Littl:
”Yaponiyalik hamkasblarimiz bilan biz mana bir necha yildan buyon uchrashib, Futenma harbiy bazasi taqdiri, xususan, uning Guam oroliga ko’chirilishini muhokama qildik. Shuni aytish mumkinki, biz o’z maqsadlarimizga sodiq qolamiz va Yaponiya bilan muzokaralarni davom ettiramiz”.
Yaponiya rasmiylari so’zlariga ko’ra, olti ming askar va ularning oilalari endi AQShning Tinch okeanidagi Guam oroliga yuborilishi kutilmoqda.
Uch yarim ming zobit Yaponiyadagi yana bir baza – Ivakunida o’rnashishi rejada edi, lekin endi ular Avstraliya, Gavayi va Filippin orasida qatnashi mumkin. Jorj Littl raqamlar va manzillar haqida gapirishga hali erta.
Ivakuni meri Yoshihido Fukuda o’z zimmamizga xorijlik harbiylar bilan bog’liq qo’shimcha majburiyat olishni istamaymiz, deydi.Yaponiyada Amerikaning 47 ming harbiysi bor va ular asosan Okinavada; salkam 40 baza orolning deyarli 10 foizini egallagan.
Okinava ahli AQSh bazasini shovqin ko’tarishda, tabiatni ifloslab, jinoyatlar sodir etayotganlikda ayblab, butunlay ketsin, deya tanqid qiladi. Rasmiy Tokio qo’shin qisqargach, muxolifat bilan ziddiyat yumshaydi degan umidda.
Vashington Afg’oniston va Iroqdagi harbiy amaliyotlarni sekin-asta tugatib, ko’proq e’tiborni Xitoy qudrati oshib borayotgan, suv zaxiralari talash Osiy-Tinch Okeani mintaqasiga qaratmoqchi.
Asosiy kuchlar Yaponiya va Janubiy Koreyada qolgan holda mudofaa salohiyatimizni Avstraliya, Filippin kabilar bilan hamkorlikda oshirib boramiz, deydi prezident Barak Obama.