Breaking News

Atambayev Qirg'izistonning navbatdagi prezidentimi?


O'sh, 30-oktabr 2011
O'sh, 30-oktabr 2011

Almazbek Atambayev Qirg’izistonda yakshanba kuni o’tgan president saylovlari g’olibi bo’lishi mumkin. Hozirgacha sanalgan ovozlar miqdori shundan dalolat bermoqda. 63 foizdan oshiq ovoz Otamboyevga berilgan, deya bildiradi Markaziy saylov komissiyasi.

16 nomzod prezidentlik uchun kurash olib bordi, jumladan favqulodda vaziyatlar bo’yicha sobiq vazir Qamchibek Tashiyev va parlamentning sobiq raisi Adaxon Madumarov.

Tashiyev va Madumarov janublik arboblar. Atambayev esa shimoldan. Ko’p jihatdan ikki qutbga bo’linib qolgan mamlakatda bu muhim omil sanaladi, ayniqsa O’sh va Jalol-Obodda o’tgan yilgi xunrezliklar ketidan.

“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan o’zbeklar saylov kampaniyasida millatchilik ruhi sezilgani va bu elat vakillari jarayonga uncha jalb qilinmaganini aytadi. Lekin ko’pchilik saylovga chiqqan. Bu yog’i endi tinch o’tsin, deydi ular, saylovdan keyin beqarorlik bo’lishi mumkinligidan xavotirlanib.

Olmosbek Otamboyev, Bishkek, 30-oktabr 2011
Olmosbek Otamboyev, Bishkek, 30-oktabr 2011

2010-yilning iyuni oyida ro’y bergan fojiada yuzlab fuqaro halok bo’lgan, ko’pchiligi o’zbeklar.

Yuzlab ming o’zbeklar, asosan xotin-qizlar va bolalar o’shanda O’zbekistonda jon saqlagan. Minglab xonadonlarga o’t qo’yilgan, maktablar va jamoatchilik markazlari vayron qilingan edi.

Nima bo’lganini o’rganib chiqqan mustaqil, xalqaro komissiya shu yilning aprel oyida bergan hisobotga ko;ra, asosiy jabrdiydalar o’zbeklar bo’lgan va qirg’izlardan iborat to’dalar o’zbeklarga qarshi mudhish jinoyatlar qilgan.

Qirg’iziston hukumati bu hisobotdagi tavsiyalarni olqishlasa-da, xulosalarning ko’pini rad etgan. Rasmiy Bishkek fojiada o’zbek liderlarini ham ayblaydi, xususan Jalol-Oboddan chiqqan Botirjon Qodirovni.

Prezident Roza Otunbayeva, Bishkek, 30-oktabr 2011
Prezident Roza Otunbayeva, Bishkek, 30-oktabr 2011

Saylov kuni oxiriga borib, Madumarov va boshqa nomzodlar jarayonda katta xatolarga yo’l qo’yilgani, xususan soxta ovozlar berilgani, ba’zi hollarda odamlar ro’yxatdan o’tkazilmagani haqida shikoyat qildi.

Saylovni xorijiy va mahalliy yuzlab mutaxassislar kuzatdi. Jiddiy muammolar sezilmagani aytiladi.

Bishkekda ovoz berish markazlari gavjum bo’ldi, lekin 5,3 million aholiga ega Qirg’izistonning boshqa hududlarida unchalik emas, deydi kuzatuvchilar.

Markaziy saylov komissiyasi hisobicha, ovoz berish huquqiga ega fuqarolarning 60 foizdan ziyodi qatnashgan.

Xalqaro hamjamiyat Qirg’zistondagi saylovlarni qiziqish bilan kuzatmoqda. Mamlakat ham Amerika, ham Rossiya harbiy bazalariga mezbonlik qiladi.

Manasdagi tranzit markazini AQSh baza deb atamaydi, lekin u yerda qariyb 3000 zobit bor. Bu yerda Afg’onistondagi harbiy harakatlarda muhim rol o’ynayotgan samolyotlar turadi. Vashington Manas uchun yiliga 60 million dollar to’laydi. Amaldagi kelishuv muddati 2014-yilda bitadi.

Oy boshdia Atambayev Moskvada bo’lib, Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin bilan muloqot qildi. U bilan, deydi siyosatshnoslar, u Kremlning “fotihasini” oldi. Rossiya boshqa biror nomzodni ochiq quvvatlamagan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, Qirg’izistonda mehnatga layoqatli erkaklarning chorak qismi Rossiyada ishlab, vatandagi oilasini boqadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG