Qirg'izistonda AQShga tegishli Manas tranzit markazini yonilg'i bilan ta'minlash bobida yangi bir kelishuvga erishildi.
Amerikaning Bishkekdagi elchisi Pamela Spratlen xonimning bayon qilishicha, zarur yonilg'ining 50 foizini endi Rossiya-Qirg'iziston qo'shma korxonasi yetkazib beradi.
2001-yilda ochilgan bu inshoot uzoq yillar davomida havo bazasi deb atalar edi, lekin hozirda Manas tranzit markaziga aylangan. Bu yerdan Afg'onistonda xizmat qilayotgan qo'shinlarga zarur vositalar tashiladi.
Rossiya ham Qirg'izistonda o'z harbiy qismiga ega. Gazprom bilan hamkorlikda asos solingan yangi korxona Gazpromneft Aero-Qirg'iziston deb ataladi. 26-sentabr kuni bu kompaniya va AQSh orasida bitim imzolangan.
Manasni yonilg'i bilan ta'minlash masalasi - AQSh Mudofaa vazirligi uchun nozik masalaga aylangan. Avvalgi prezident Kurmanbek Bakiyev davrida daromad xalqqa emas, yulg'ich rasmiylar cho'ntagiga ketgani aniqlangan. AQSh Kongressi olib borgan tekshiruv Vashington Bishkekdagi korrupsiyaga ko'z yumganini fosh etgan.
Gazpromneft Aero-Qirg'iziston firmasining 51 foizi Rossiya, 49 foizi Qirg'iziston qo'lida.
AQSh elchisining aytishicha, bitim 45 kun ichida kuchga kiradi.
Manas tranzit markaziga zarur yonilg'ining qolgan qismini "Mina" korporatsiyasi, Gibraltarda asoslangan firma, ta'minlashda davom etadi. Aynan shu korxona Bakiyev bilan til biriktirganlikda ayblangan edi. Kompaniya biror qonunni buzmaganini, AQShga sifatli mahsulotni o'z vaqtida yetkazib kelayotganini qayd etadi.
"Mina" mahalliy firmalar bilan hamkorlik qiladi. Bakiyev davrida prezidentning o'g'li Maksim mana shu bizneslardan birini boshqargan. Hozirda korporatsiya va uning sheriklari faoliyati ustidan nazorat oshirilgan.
Tranzit markazi yiliga 360-400 ming tonna yonilg'i talab qiladi. Umumiy bahosi 300-400 million dollar orasida.
Amerika bu inshoot uchun Qirg'izistonga yiliga 60 million dollar to'laydi.
Qirg'iziston rahbarlari, xususan Bosh vazir Almaz Atambayev, bu markazni yopish kerak deb bir necha bor ta'kidlagan.
Lekin Amerika rasmiylari bunga javoban, mavjud bitim va ulardagi shartlarni eslatadi.