Ashgabatda o'tayotgan xalqaro energetik yig'inni Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti uyushtirgan.
A'zo davlatlardan siyosatchilar va diplomatlar, mutaxassislar va sarmoyadorlar to'plangan. Tashabbus ortida, deydi rasmiylar, tashkilotning hozirgi raisi Litva va albatta, mezbon Turkmaniston rahbariyati turibdi.
Trans-korporativ savdo va hamkorlik, ya'ni energetika bozorini tebratayotgan bizneslar orasidagi aloqalarini yaxshilash, yangi loyihalar va muqobil quvurlar va xavfsizlik - anjumanda mana shu masalalar muhokamada.
Yonilg'i qaziladigan va ishlab chiqariladigan, olib o'tiladigan va mahsulotni iste'mol qiladigan mamlakatlarning bugungi ehtiyoj va talablari ko'rib chiqilmoqda.
"Litva raislikni qo'lga olayotganida shunga ahd qilganmizki, energetika ta'minoti va xavfsizligi ustuvor masalalardan biri bo'ladi. Xalqaro muloqotni yaxshilash kerak",- deydi Evaldas Ignatavisius, Litva Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari.
Turkmaniston Vazirlar mahkamasi rais o'rinbosari Baymurod Xo'jamuhammedov deydiki, uning davlati tabiiy gaz xaridorlarini ko'paytirishga va mahsulotni sotishninig yangi yo'llarini muhokama qilishga tayyor.
Ma'lumki, Markaziy Osiyo yonilg'isi, neft yoki gaz, jahon bozoriga Rossiya orqali olib chiqiladi. Davlatlar va xaridorlar mana shuni o'zgartirishga harakat qilmoqda.