So’nggi oylarda dunyo bo’ylab neft narxi keskin oshdi. Iste’molchi norozi, iqtisodiy o’sish sekinlashdi. Yonilg’i qimmatligi Qo’shma Shtatlarda davom etayotgan prezidentlik uchun poygada bot-bot tilga olinyapti. Xo’sh, narx-navoni pasaytirishning qanday yo’llari bor?
AQShda benzin qimmatlashuvi haydovchilarni junbishga keltirgan.
Amerika Neft instituti bosh iqtisodchisi Jon Felmi vaziyatni jahon bo’ylab qora oltinga talab oshib borayotgani bilan tushuntiradi.
“Rivojlanayotgan mamlakatlar ko’proq neft iste’mol qilayotgani shubhasiz. Kelajakda ham ehtiyoj o’sib boraveradi”.
Yonilg’i bozori o’zgaruvchan ekani bois eng katta iste’molchilar, masalan aviakompaniyalar mahsulotni kelishilgan narxda sotib olish uchun bir necha yil oldin konktraktlar tuzib qo’yishga odatlangan. Boshqa investorlar uchun esa bu biznes. Bunday shartnomalarni olib sotadi va sof foyda ko’radi.Amerika Iste’molchilar federatsiyasi vakili Mark Kuper bu kabi sarmoyadorlarni olibsotar-spekulyant deb ataydi. Talab va taklifni belgilayotganlar shular.
“Aynan chayqovchilik oqibatida neft 70 dollardan 100 dollarga ko’tarilib ketdi”, - deydi Kuper.
Mutaxassis fikricha, uzoq muddatli sarmoyalarni rag’batlantiruvchi effektiv qonunlar joriy etilsa, oldi-sotdi kontraktlar hukumat tomonidan yaxshiroq nazorat qilinsa, bozordagi vaziyatni barqarorlashtirish mumkin.
Boshqa ekspertlar esa Eron dasturi atrofidagi ziddiyatlarga e’tibor qaratadi. Narx-navo oshib borayotgani bu davlatga qo’yilgan sanksiyalar hamda harbiy mojaro ehtimoli bilan bog’liq.
Piterson Xalqaro iqtisodiyot instituti olimi Muhsin Xon fikricha, olib-sotarlar emas, balki neft kamomadi atrofidagi xavotirlar hozir narxni belgilayapti.
Eron bilan urush boshlangan taqdirda Vashington strategik neft zaxirasini ishga solib, kamomadni qoplashi mumkin, deydi ekspert.
“Erondan eksport to’xtab qolgan taqdirda, Qo’shma Shtatlar zaxiradagi neftdan foydalanish rejasini e’lon qilgan zahoti jahon bozorida narxlar pasayadi deb o’ylayman”.Hozir AQShda bir litr benzin narxi bir dollardan yuqori. Boshqa mamlakatlarda bundanda qimmatroq bo’lishi mumkin, lekin Amerikada bu misli ko’rilmagan holat, ayniqsa saylovlar oldidan.
Amerikalik oila o’rtacha hisobda yiliga 3000 litr benzin sarflaydi. Siyosatchilar chorasini ko’rsin, deydi saylovchilar. Iqtisodchilarning qayd etishicha esa neft narxini AQSh hukumati emas, jahon bozori belgilaydi.