Breaking News

Neft qimmatlar ekan, AQSh energetika sanoatida katta o’zgarishlar


Neft qimmatlashuvi global iqtisodga jiddiy ta’sir ko’rsatadi. Amerikada bir litr benzin bir dollardan oshib ketgani prezident saylovlari kampaniyasida asosiy masalalardan biriga aylangan.

Neft narxini belgilaydigan omillar - Yaqin Sharq va Afrikadagi beqaror vaziyat hamda Xitoyda qora oltinga talab oshib borayotgani.

AQShda neftga muqobil energiya manbalarini rivojlantirish ishlari avjida. So’nggi yillarda bu yerda qazib olinayotgan tabiiy gaz hajmi oshdi, yangi texnologiyalar ishga solinyapti.

Soha kelajagiga umid bilan qarash uchun asos bor. Yaqinda Texasning Xyuston shahrida bo’lib o’tgan konferensiyada energetika mutaxassislari shuni qayd etdi.

Prezident Obama Nevada shtatidagi quyosh energiyasi inshootida
Prezident Obama Nevada shtatidagi quyosh energiyasi inshootida
IHS-Global Insight tashkiloti vitse-prezidenti Jon Larson fikricha, tabiiy gaz hajmining oshishi natijasida unda yuradigan avtomobillar ko’payadi, avtosanoat rivojlanadi. Muqobil energiya manbalari - quyosh va shamoldan ko’proq foydalaniladi.

Tabiiy gaz mo’l bo’lsa narxlar pasayadi, deydi u. Zaxira g’amlab qo’yilsa, alternativ energiya loyihalariga e’tiborni oshirish uchun yo’l ochiladi.

Elektrik generatorlar gazda ishlagani arzonroqmi, shamol yoki quyoshdami? Tabiiy gaz narxining pasayishi sohaga qanday ta’sir ko’rsatadi? Bu savollarga Larson shunday javob beradi:

“Shamol va gaz xarajatlari taxminan bir xil. Shamoldan bir megavatt soat energiya olish narxi gazdan aynan shu hajmda energiya ishlab chiqarish bilan teng. Quyosh esa taxminan besh barobar qimmatroq”.

Amerikada qancha ko’p gaz konlari o’zlashtirilsa sanoat uchun shuncha yaxshi, deydi Royal Dutch Shell kompaniyasi rahbari Piter Vouzer:

“Gaz arzon va serob bo’lsa biznes uchun ayni muddao. Iqtisodiyotni, ishlab chiqarishni jonlantirishiga shubha yo’q”.

Transport yonilg’isi ham arzonlashgan bo’lardi, deydi mutaxassislar, agar benzin tarkibidagi etanol moddasini ishlab chiqish uchun makka o’rniga tabiiy gaz ishlatilsa.

Stiven Sterin Texasdagi Celanese korporatsiyasi moliyaviy direktori. Bu korxona aynan shu bilan shug’ullanadi.

“Bu termokimyoviy jarayon. Unda tabiiy gaz, ko’mir yoki boshqa yonilg’ini qo’llash mumkin. Kelajakda katta miqdorda etanol olish uchun bio-manbalar ham qo’l kelishiga ishonamiz”.

Hozircha esa Celanese korxonasi ko’mirdan etanol olish loyihasi ustida Xitoy bilan hamkorlik qilayapti.

Yaqin kelajakda neft asosiy yonilg’i bo’lib qolaveradi, deydi soha ekspertlari. Ammo muqobil energiya manbalarini rivojlantirish orqali neftga qaramlikni kamaytirish mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG