Breaking News

Obama: Xorij neftiga qaram bo'lmasligimiz kerak


Obama: Xorij neftiga qaram bo'lmasligimiz kerak
Obama: Xorij neftiga qaram bo'lmasligimiz kerak

Amerikaliklar benzin narxining qimmatlashayotganidan xavotirda. 1 litr benzin narxi 1 dollarga yaqinlashdi. Prezident Barak Obama esa o’zining energiya bo’yicha siyosatini himoya qilmoqda.

Respublikachilar Obamani mamlakatni arzon va yetarli energiya bilan ta’minlash bo’yicha yetarlicha ish qilmayotganlikda ayblar ekan, prezident bu tanqidlarni rad etmoqda.

Ushbu muammoni muhokama etish hamda xorij neftiga AQSh qaramligini kamaytirishga qaratilgan uzoq muddatli rejani tanishtirish maqsadida prezident yaqinda Floridadagi Mayami Universitetiga bordi.

Obama talabalarga narxlarning oshishi, asosan, dunyoning boshqa hududlarida ro’y berayotgan voqealar asorati ekani haqida gapirdi.

“Neft jahon bozorida sotib olinadi va sotiladi, - dedi u. - O’tgan yildagidek hozir ham neft narxlarining ko’tarilishiga sabab bo’layotgan yagona eng katta narsa bu Yaqin Sharqdagi, bu safar Eron atrofidagi, beqarorlikdir”.

Nyu-Yorkda joylashgan “Pratts Oilgram Price Report” nashri bosh muharriri Jeff Mover fikricha, AQShda benzin narxi o’sishiga haqiqatdan ham tashqi faktorlar sababdir.

“Eron atrofidagi ziddiyatlar, neft qazib chiqarishni to’xtatayotgan Sudandagi muammolar, bularning barchasi Brent nefti hamda benzin narxining oshib ketishiga hissa qo’shmoqda”, - dedi Mover.

Uning aytishicha, foyda ozligi bois Amerikaning ayrim neft kompaniyalari xorijdagi quduqlarini yopmoqda va bu ham narxlarning oshishiga olib kelyapti.

Muxolifatdagi respublikachilar nazarida Obama mahalliy neft ishlab chiqarish yo'liga to'siqlar qo'ymoqda.

Prezidentlikka da'vogar Nyut Gingrich deydiki, Amerikada ko’proq neft quduqlarini ochish benzin narxlarini zudlik bilan pasaytirish imkonini beradi.

“Agar biz federal yerlarni va qirg’oqlarni ochsak, hukumat uchun kelajakda, milliardda emas, trillionda, $16-18 trillion dollar qo’shimcha daromad bo’ladi, - dedi Gingrich. - Bu bir gallon benzin narxini $2.30 dollarga tushuradi, byudjetni muvozanatga keltirishga yordam beradi hamda millionlab ish o’rinlari yaratadi".

Respublikachilar Obamani Kanadadan AQShga neft olib keluvchi “Keystone Pipeline” loyihasini ma’qullashga undamoqda.

Obamaning aytishicha esa uning ma’muriyati mahalliy neft va gaz ishlab chiqarish bo’yicha ko’plab boshqa loyihalarni amalga oshirmoqda. Lekin mamlakatda ko’proq neft qazishning o’zi muammoni hal etmaydi, dedi u.

“Amerikadagi barcha mavjud energiya resurslarini rivojlantirishni ko’zda tutuvchi strategiyaga egamiz. Neft, gaz, shu bilan birga, shamol, quyosh, atom, bioenergiya va boshqa ko’plab energiya resurslari haqida gap ketayapti”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG