Breaking News

AQSh Eronga iqtisodiy bosimni oshirmoqda


Eron xom neft eksporti bo’yicha dunyoda uchinchi o’rinda turadi. Asosiy xaridorlar – Xitoy, Yaponiya, Hindiston va Yevropa Ittifoqi.
Eron xom neft eksporti bo’yicha dunyoda uchinchi o’rinda turadi. Asosiy xaridorlar – Xitoy, Yaponiya, Hindiston va Yevropa Ittifoqi.

AQSh hukumati Eron nefti xaridorlarini kamaytirish harakatida, toki islomiy respublikaning atom dasturi uchun mablag’ ham ozaysin.

Eron xom neft eksporti bo’yicha dunyoda uchinchi o’rinda turadi. Asosiy xaridorlar – Xitoy, Yaponiya, Hindiston va Yevropa Ittifoqi. Qo’shma Shtatlar o’z ittifoqchilarini Erondan qora oltin sotib olmaslikka undamoqda. Maqsad uni daromaddan ayirish.

Viktoriya Nuland, AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi:

“Biz barcha hamkorlarimizni Erondan iloji boricha kamroq neft import qilishga chaqirayapmiz. Yonilg’ining muqobil manbalarini izlang. Aks holda siz to’lagan pul Eronning yashirin atom maqsadlari yo’lida sarflanadi. Bosimni oshirmasak, xalqaro hamjamiyat bu davlatni hozirgi yo’lidan qaytara olmaydi. Eron yadroviy dasturidan asl maqsad nima ekanini aytsin”.

Viktoriya Nuland, AQSh Davlat departamenti so'zlovchisi
Viktoriya Nuland, AQSh Davlat departamenti so'zlovchisi
Pekin va Vashington turlicha pozitsiyada. Xitoy nazarida Eron ko’p tomonlama muzokaralarga qaytishga tayyor ekan, uning neftini rad etishga hojat yo’q.

“Eron BMT Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlik bilan ishlashga tayyor ekanini aytib turibdi. Xitoy, Rossiya, Britaniya, Fransiya, Germaniya va AQSh bilan o’z yadroviy maqsadlari haqida ochiqcha gaplashmoqchi, yana nima kerak?”

AQSh va uning ittifoqchilari ta’biricha esa cheklovlar Eronning atom quroli ustida ishlashini sekinlashtiradi.

Siyosatshunos olima Rut Vedjvud fikricha vaqt boy berilgan.

“Sanksiyalar samara berishi uchun vaqt kerak. Eron atom quroli yaratishga qanchalik tayyor degan savolga javob berish qiyin, bugun yoki erta? Maqsadi shu ekani ma’lum. Sanksiya bilan to’xtata olmaysiz”.

Eronning yon qo’shnilari Iroq va Turkiya masala tobora chigallashib borayotganidan xavotirda. Sanksiyalar ularga ham ta’sir qilmoqda. Eron bilan iqtisodiy aloqa sustlashgan.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovuto’g’li mintaqaviy xavfsizlik birinchi o’rinda deydi, ammo Eron huquqlarini ham hisobga olish kerak.

“Eron o’z atom texnologiyasini harbiy yo’nalishda ishlatmayotganini isbotlashi lozim. Shu bilan birga, boshqa davlatlar qatori tinch maqsadda yadroviy texnologiyaga egalik qilishga haqqi bor”.

Eron o'z atom dasturi faqat tinch maqsadlarini ko'zlaydi deb keladi
Eron o'z atom dasturi faqat tinch maqsadlarini ko'zlaydi deb keladi
Eronda iqtisod chatoq. Milliy pul rial qadri shu qadar pastki, uni bugun karmonda emas, qopda ko’tarib yurishibdi. G’arb qo’ygan sanksiyalar oddiy xalq hayotini og’irlashtirgan. Oziq-ovqat, dori-darmon narxi osmonda.

“Odamlarga qiyin tushayotganidan afsusdamiz. Aybdor - ularning hukumati",- deydi AQSh diplomati Viktoriya Nuland.

"Tuzum kelajakni o’ylamay, nomaqbul qadam tashlab, mintaqaviy xavfsizlik va global tinchlikka raxna solmoqda. Azobini esa xalq tortadi”,- deydi u.

Hozirgi rejaga ko’ra, Yevropa Ittifoqi Eron neftini cheklashni yozga borib, aniqrog’i iyul oyida boshlaydi. Eron markaziy banki bilan aloqa allaqachon to’xtagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG