Seulda kecha va bugun o’tgan xalqaro sammitda 50 davlat yadroviy terrorizmga qarshi kurash borasida kelishib olishi kerak edi. Ammo unda asosan Shimoliy Koreya atom maqsadlari muhokama qilindi. Mezbon davlat Janubiy Koreya qo’shnisining harakatlaridan qattiq tashvishda va dunyo ahlini bu borada sezgakroq turishga undamoqda.
Sammitda Markaziy Osiyoga tegishli yangilik shuki, Qozog’iston, Rossiya va AQSh Semipalatinskdagi eski yadroviy inshootni birgalikda tozalash haqida bitim imzoladi. Bu boradagi harakatlar 2004-yilda boshlangan va bugungacha ancha yutuqqa erishildi, deydi Qozog’iston rahbari Nursulton Nazarboyev.
Anjumanda so’zlar ekan, u mamlakati va shu tariqa butun mintaqa atom chiqindilaridan xoli bo’lishi shart deya ta’kidladi. Ushbu dastur uchun moliya AQShdan keladi, Rossiya esa asosan texnik ko’mak ko’rsatadi.Amerika rahbari Barak Obama sammit yakunida, yadroviy terrorizm tahdidi haqida gapirdi:
“Bu xavfli materiallarni o’z yovuz maqsadlari uchun qo’llashga tayyor tomonlar borligini unutmaylik. Yadroviy moddalar nazorat ostiga olinmagan hududlar, qarovsiz mintaqalar ko’p. Ularni ishga solib, begunoh odamlarni o’ldirishga shay guruhlar mavjud ekanini yodda tutib, darhol chora ko’rish kerak. Men bo’rttirayotganim yo’q, bu haqiqat”.
Janubiy Koreya prezidenti Li Myun-Bak fikricha bu muammoni hal etish xalqaro hamkorlik, samimiy va amaliy harakat talab qiladi.
“Terrorizm chegara bilmas narsa. Shunday ekan, yadroviy terrorizm ham mamlakat tanlamaydi. Hammamiz bir yoqadan bosh chiqarishga majburmiz”,- deydi Li Myun-Bak.
Qo’shni davlat Shimoliy Koreya kelasi oy o’z yangi raketalarini sinab ko’rmoqchi. Pxenyan atom dasturidan doimiy xavotirda yashaydigan Janub buni provokatsiya deb biladi. Uzoq masofani nishonga oladigan raketalar, deydi Seul rasmiylari, bomba tashishga mo’ljallangan.
Amerika, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya va hatto Shimoliy Koreyaning eng yaqin hamkori Xitoy Pxenyanni uzoqni o’ylab ish tutishga, hozirda berilayotgan, cheklangan miqdordagi yordamdan ham ayrilmaslik uchun o’zboshimcha qadamlar qo’ymaslikka undamoqda. Texnologik jihatdan rivojlanishga haqqi borligini bayon etgan Shimoliy Koreya ahdidan qaytmoqchi emas.Sammitda erishilgan yana bir kelishuv shuki, AQSh, Janubiy Koreya, Belgiya, Fransiya va Gollandiya tadqiqot reaktorlarida ishlatadigan uran moddasini qayta ko’rib chiqadi. Yuqori darajada boyitilgan uran emas, quyiroq darajada qayta ishlangan modda qo’llash ustida gap ketmoqda, deydi diplomatlar.