Breaking News

Yaponiya, AQSh Shimoliy Koreya tahdidiga javob berishga tayyor


Raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi Yaponiya chegarasiga, harbiy kemalarga va hatto markaziy Tokioga o’rnatilgan.
Raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi Yaponiya chegarasiga, harbiy kemalarga va hatto markaziy Tokioga o’rnatilgan.

Shimoliy Koreya orbitaga sun’iy yo’ldosh uchirishga yana bir urinib ko’rmoqchi. Uchinchi urinish qo’shnilarni, jumladan, Yaponiyani jiddiy tashvishga solmoqda. BMT Pxenyanga ballistik texnologiyani qo’llashni taqiqlab qo’ygan va shimol buni bila turib, qarshi yurmoqda, deydi yapon rasmiylari. Shimol esa orbitaga ob-havoni kuzatish uchun sun’iy yo’ldosh joylamoqchi ekanini, kosmik izlanishga haqli ekanini uqtiradi.

Yaponiya harbiy kuchlari Shimoliy Koreyadan keladigan ehtimoliy hujumning oldini olish uchun shay holatda. Ikkinchi jahon urushidan beri eng jiddiy tayyorlik.

Shimoliy Koreyaning aprel oyi o'rtalarida uchirilishi mo'ljallanayotgan Unha - 3 raketasi
Shimoliy Koreyaning aprel oyi o'rtalarida uchirilishi mo'ljallanayotgan Unha - 3 raketasi
Raketa hamlasini qaytaruvchi mudofaa tizimi chegaraga, harbiy kemalarga va hatto markaziy Tokioga o’rnatilgan. Amerikaning Yaponiyadagi harbiy bo’limlari ham jangovar holatga keltirilgan.

Bu vahima emas, deydi bosh vazir matbuot kotibi Noriyuki Shikata, Shimoliy Koreyadan har narsani kutsa bo’ladi.

“Shimoliy Koreya ballistik raketa uchirishi mumkin degan gapning uchi chiqdimi, tamom, Yaponiya tahdid ostida. Ehtimolning o’zi yetarli. Bu xavfga biz ham, Amerika qo’shinlari ham tayyor turishi tabiiy”, - deydi u.

Agar Shimoliy Koreya raketasi o’z yo’lidan o’g’sa va Yaponiya yoki Janubiy Koreyaga kirsa, ikki mamlakat uni urib tushirmoqchi. Bunga javoban Pxenyan yangi tahdidlar bilan chiqdi; qo’shnilarning harakatini urush sifatida talqin qilib, tezkor zarbalar berishini aytib dag’dag’a qildi.

“Kimda-kim sun’iy yo’ldosh yo’liga to’g’anoq bo’lsa yoki uning parchalarini yig’ib olishga urinsa, qat’iy va shafqatsiz jazoga giriftor bo’ladi”, - deyiladi Pxenyan bayonotlarida.

Bir guruh xalqaro jurnalistlar Sohae kosmik stansiyasida Shimoliy Koreyaning fazoga uchiriladigan raketasini ko'zdan kechirmoqda. 8-aprel, 2012-yil.
Bir guruh xalqaro jurnalistlar Sohae kosmik stansiyasida Shimoliy Koreyaning fazoga uchiriladigan raketasini ko'zdan kechirmoqda. 8-aprel, 2012-yil.
Agar Shimoliy Koreya raketasi Yaponiya tomon yo’nalsa, bu davlatda aholini ogohlantirish tizimi (J-alert) ishga solinadi. Hukumat matbuot kotibi Shikataning aytishicha, Yaponiya har qanday holatga tayyor turadi.

“Avvalo, vahimaga berilmaslik kerak. Ayni paytda hushyor turish darkor”, - deydi u.

Qonunchi Ichiro Aisava fikricha, agar kommunist davlat Yaponiyaga daxl qilsa, mamlakat urushga tortilishga majbur bo’ladi.

“Lekin hovliqmasdan, bosiqlik bilan qaror qilishimiz kerak”, - deydi parlament a’zosi.

Pxenyan raketa uchirish fikridan qaytmasa, Yaponiya BMTda unga qarshi qo’shimcha jazo choralari masalasini ko’taradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG