Breaking News

BMT Xavfsizlik Kengashi Shimoliy Koreyani qoralab, bayonot chiqardi


NORTH KOREA
NORTH KOREA

BMT Xavfsizlik Kengashi Shimoliy Koreyaning o'tgan hafta orbitaga sun'iy yo'ldosh uchirish uchun qilgan urinishini qoralab, bayonot chiqardi. Kengash a'zolari uch kun davomida yopiq eshiklar ortida masalani muhokama qilib, shu qarorga keldi va hujjat bir ovozdan qabul qilindi.

AQShning BMTdagi elchisi Syuzan Raysning aytishicha, Xavfsizlik Kengashining prezidenti nomidan chiqarilgan bayonot Shimoliy Koreyaga ogohlantirishdir.

"Xalqaro hamjamiyat bu kabi provokatsiyaga chidab turmasligini, yadro sinovi uchun bu davlatni jazolashini namoyish etdi. Shimoliy Koreya BMT rezolyutsiyalariga zid holda ish tutsa, zarur chora ko'rishi hujjatda ifoda etilgan", - deydi Rays.

Rasmiy Pxenyan payshanba kuni orbitaga sun'iy yo'ldosh chiqarmoqchi bo'lgan, ammo raketa uchirilganidan ko'p o'tmay ikkiga bo'linib, qoldiqlari Sariq dengizga tushdi.

Shimoliy Koreya yo'ldoshni ob-havoni kuzatish uchun uchirganini aytsa, G'arb nazarida esa kommunistik davlat ballistik raketani takomillashtirib, kelajakda unga yadro quroli o'rnatmoqchi.

Pxenyanga bosim kuchayar ekan, Xitoy davlat matbuoti Shimoliy Koreyaning yosh rahbari Kim Chen Unning kechagi nutqini olqishlab, jahon hamjamiyatini bu davlatdagi o'zgarishlarga ijobiy yondashishga chaqirmoqda. Kommunistik partiyaga aloqador "Global Times" gazetasidagi maqolaga ko'ra, rasmiy Pxenyanni jerkimasdan, aksincha u bilan muloqot qilish zarur, shundagina Shimoliy Koreyada o'zgarishlar kutilganidek bo'lishi mumkin.

Kim Chen Un yosh rahbar, otasidan farqli o'laroq xalq oldida nutq so'zlashdan qo'rqmadi, Koreya yarimorolini tinch yo'l bilan birlashtirish maqsadi borligini aytib, bu davlat oshkoralikka tayyor ekanini namoyish etdi, deyiladi Xitoy gazetasida.

"Partiyamiz, hukumatimiz birlashishga xayrixoh hamda davlatlar o'rtasida tinchlik va farovonlikni istagan tomonlar bilan birdamdir", - dedi Kim Chen Un.

Biroq AQShdagi ayrim siyosatchilar nazarida Shimoliy Koreyaga ishonib b'lmaydi.

Senator Jon Makkeynning aytishicha, 20 yildan beri bir xil, ayni manzarani ko'rish mumkin.

"Ziddiyat, so'ng muzokaralar, xalqaro yordam, so'ng yana ziddiyat...Bu manzaraga qayta va qayta guvoh bo'lyapmiz. Ammo bu orada Shimoliy Koreya asta-sekin yadro qudratini oshirib bormoqda", - deydi Makkeyn.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG