Shimoliy Koreya orbitaga sun’iy yo’ldosh uchirish ahdida qat’iy va raketasiga yonilg’i quya boshlagan. Mamlakat kosmik stansiyasi rahbari Pak Chan Xo bir guruh xorijiy jurnalistlar bilan uchrashib, bu haqda bayon qildi.
Ekspertlar fikricha, Shimoliy Koreya endi rejasidan qaytmaydi. Avvalgi sinovlarning barchasi mag’lubiyat bilan tugagan. Kommunist o’lka uzoq masofaga ucha oladigan qurolga ega ekanini xalqaro hamjamiyatga ko’z-ko’z qilmoqchi.
Shimoliy Koreyaning yosh, yangi rahbari bilan muzokara qilsa bo’ladi degan umidlar so’nib bormoqda. Rasmiylarning aytishicha, Unxa-3 raketasiga ob-havoni kuzatuvchi sun’iy yo’ldosh biriktirilgan, ammo buni tasdiqlashning imkoni yo’q.
Qo’shni davlatlar nazarida missiyadan asl maqsad ballistik raketani sinovdan o’tkazish.
Shimoliy Koreya fazo dasturi direktorining o’rinbosari Ryu Gam Chol “Amerika Ovozi” savollariga javob berar ekan, xavotirlar o’rinsiz deydi.
Uning aytishicha, davlat asoschisi Kim Ir Senning 100 yillik yubileyiga bag’ishlab uchirilayotgan raketa faqat bitta maqsadni ko’zlaydi – u ham bo’lsa fazoni tadqiq etish.
Rasmiy Pxenyan qo’shnilar va Amerika bilan aloqani yaxshilashga va’da bergan. Buning isbotini ko’rmayapmiz, deydi AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton.
“Shimoliy Koreya yadro va raketa sinovlarini bekor qilamiz deb yaqindagina so’z bergan edi. Tarixdan bilamizki, provokatsiyalar davom etadi”, - deydi u.
Xavotir shundaki, navbatdagi yer osti yadro sinoviga ham tayyorgarlik ketayotgan bo’lishi mumkin. Sun’iy yo’ldosh orqali olingan tasvirlar buni tasdiqlab turibdi.
Shimoliy Koreya bunday sinovlar o’tkazishi BMT rezolyutsiyalari bilan taqiqlangan. Qo’shma Shtatlar yo’qsil mamlakatga 240 ming tonna oziq-ovqat yetkazish bo’yicha kelishuvni bekor qilgan.
Koreys rasmiylarining qayd etishicha esa, kelishuvda tinch maqsadda sun’iy yo’ldosh uchirishni taqiqlovchi band mavjud emas.
Ayni damda Yaponiya va Janubiy Koreya armiyasi shay holatga keltirilgan. Agar raketa ular tomon yo’nalsa, har ikki davlat uni urib tushiramiz, demoqda.