Breaking News

Obama: Eron yadro masalasini diplomatik yo'l bilan hal etish imkoni so'nib bormoqda


Prezident Barak Obamaning aytishicha, Eron yadro dasturiga doir xavotirlarga diplomatik yo'l bilan barham berish uchun ajratilgan imkoniyat so'nib bormoqda. So'nggi sanksiyalar bosimi ostida rasmiy Tehron xalqaro muzokaraga qaytishga ahd qildi.

Shu hafta prezident Obama Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameronni Oq uyda qabul qilib, boshqa masalalar qatorida Eron yadro dasturi yuzasidan ham fikr almashdi.

"Eron xalqaro majburiyatlarini bajarishi lozim, aks holda oqibati bilan yuzlashishga to'g'ri keladi. Bundan boshqa yo'l yo'q", - deydi Obama.

Rasmiy Tehron nazarida davlatlar yadro dasturidan tinch maqsadda foydalanishga haqli va u bu huquqdan voz kechmaydi. Shunga qaramay Eron xalqaro muzokaralarga qaytishini aytmoqda. Ammo G'arb nazarida Eron yadro quroli ustida ishlamoqda.

"Shu paytgacha qo'llanilgan sanksiyalarning barchasi Eronni bu yo'ldan qaytarishga qaratilgan. Biroq muammoni diplomatik yo'l bilan hal qilish uchun imkoniyat qisqarib bormoqda, deydi Obama.

Jazo choralari asosan iqtisodiy bo'lib, Eron neft sanoati va bank tizimiga jiddiy ta'sir ko'rsatdi. Aynan shu sabab, deydi tahlilchi Malu Innosent, rasmiy Tehron muzokaraga qaytishga majbur.

"Eron pul birligi riyolning dekabr oyidan beri qadri keskin tushgan. Mamlakatda ishsizlik va inflyatsiya kuchaygani ma'lum. Obama ma'muriyati sanksiya foydasini ko'rib, undan voz kechmoqchi emas", - deydi mutaxassis.

Yadroviy da'volaridan tashqari, deydi Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti professori Rut Vejvud, Eron mintaqa siyosatida ham faol.

"Eron Suriya prezidenti Bashar al-Assadni qo'llab-quvvatlamoqda, Hizbullohni qurollantirmoqda, Iroq siyosatiga ham ta'siri mavjud", - deydi olima.

Dunyodagi eng yirik elektron to'lov tizimi, SWIFT, Yevropa Ittifoqi qora ro'yxatiga tushgan Eron banklari bilan hamkorlikni uzishi haqida bugun e'lon qilgan. Ammo Eron rasmiylari hech qanday choralar bizni yadro dasturidan qaytara olmaydi, deb bong urib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG