Breaking News

Istanbul Eron yadro dasturiga doir muloqotga mezbonlik qiladi


Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod Tehrondagi tadqiqot reaktori markazini ko'zdan kechirmoqda
Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod Tehrondagi tadqiqot reaktori markazini ko'zdan kechirmoqda

Shanba kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Eron atom dasturiga doir xalqaro muzokaralar boshlanadi. Rasmiy Tehron yangi tashabbus bilan chiqishini aytmoqda.

Muloqot cho'gida AQSh va Yevropa Ittifoqi Tehrondan 160 kilometr narida, tog' tagida katta chuqurlikda joylashgan Fordo uranni boyitish zavodini yopishni Erondan talab qilishi kutilmoqda.

Yadro qurollari nazorati bo'yicha ekspert Deyvid Klifning aytishicha, inshoot maxfiy ravishda, G'arb ko'zidan narida 2009-yil sentabrida qurilgan.

"Yaqindan beri zavodda boyitilgan uran ishlab chiqilmoqda", - deydi mutaxassis.

Istanbuldagi uchrashuvda P5+1 guruhi a'zolari va Eron diplomatlari qatnashadi. Guruhga BMT Xavfsizlik Kengashiga a'zo besh davlat - AQSh, Britaniya, Xitoy, Rossiya va Fransiya hamda Germaniya kiradi.

G'arb Eronni atom quroli ustida ishlayotganlikda ayblasa, rasmiy Tehron yadro yonilg'isi unga tinch maqsadlarda kerakligini aytadi - elektr yonilg'isini olish va tibbiy tajribalar o'tkazish uchun.

Eronni yadro dasturidan qaytarish maqsadida AQSh va Yevropa Ittifoqi qator sanksiyalar joriy etib, bu davlatdan neft sotib olishni taqiqlagan, uni yakkalab qo'ymoqchi. Ammo tahlilchilarga ko'ra, Eron Rossiya va Xitoy kabi ittifoqchilari tufayli o'zini yolg'izlangan deb his etgani yo'q.

Rasmiy Pekin P5+1 guruhini Eron bilan muloqot uchun eng qulay va pragmatik platforma deb biladi.

Ekspert Deyvid Klif nazarida Eron rahbariyati masala bo'yicha yakdil emas.

"Eronning o'zida atom bombasini yaratish xususida aniq bir qaror qabul qilinmagan. Ayrim rahbarlar bombalarni tayyorlab qo'yish kerak desa, boshqalar yadro qurolini yaratish salohiyatiga urg'u berish lozim degan fikrda. Ya'ni bunday vaziyatda bombani yasash uchun zarur materiallar, ilmiy va texnologik bilim va tajriba zaxirada ushlab turiladi va qurolga ehtiyoj bo'lgan taqdirda zudlik bilan ishga solinadi", - deydi Klif.

Biroq Eron bunday salohiyatga yaqinlashsa, Isroil va AQSh unga hujum qilishdan boshqa chora qolmasligini bot-bot aytgan.

Londonliik tahlilchi Andrea Bergerning aytishicha, diplomatiya oxir-oqibat ustun kelishiga umid bor.

"Muzokaralarda qatnashayotgan hech bir davlat hozircha Eron bilan ortiq muloqot qilmasligi haqida so'zlagani yo'q. Aksincha, muzokaralar jadvalining tig'izligidan muloqotning davom etishini payqasa bo'ladi", - deydi Berger.

Biroq Vashingtonning ogohlantirishicha, diplomatik jarayon cheksiz davom etmaydi va masalani hal etish uchun har bir chora hisobga olinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG