Qo’shma Shtatlar shu oy Eron rasmiylari bilan o’tadigan uchrashuvdan konkret natijalar kutmoqda. 13-14-aprel kunlari Istanbulda islomiy respublikaning yadroviy dasturi va xalqaro majburiyalar muhokama etiladi.
AQSh va unga ittifoqchi davlatlar Eron qo’liga yadro quroli tushmasligini ta’minlash uchun barcha vositalarni ishga soladi, deydi Davlat kotibasi Xillari Klinton. Diplomatiya va sanksiyalar samara bermasa, hatto harbiy choraga ham ishora qilingan.
BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi hamda Germaniya Eron vakillari bilan navbatdagi uchrashuvga hozirlik ko’rar ekan, Klintonning aytishicha, uzluksiz muzokaralardan tomonlarning toqati toq.
Islomiy respublika muzokara stoliga qaytayotgani, kuzatuvchilar nazarida, AQSh va Yevropa Ittifoqi birgalikda joriy etgan sanksiyalar ta’siri bilan bog’liq. Eron xalqaro moliya tizimidan uzib qo’yilgan, shu yil yozdan Yevropa davlatlari undan neft xarid qilishni ham to’xtatadi.
Xillari Klinton deydiki, aynan qora oltindan tushayotgan daromad yadro dasturini rivojlantirishga sarflanyapti.
“Eron xalqaro sahnada tobora yakkalanib bormoqda. Kelishuvga erishilmaguncha bosim to’xtamaydi. Turkiyadagi uchrashuvda muammoni tinch yo’l bilan hal qilish yo’lini topish kerak”.
2011-yilning yanvarida G’arb va Eron diplomatlari o’rtasida o’tgan so’nggi muloqot natijasiz yakunlangan edi.