Eron Tashqi ishlar vaziri Ali Akbar Solihiy yadro dasturi bo'yicha xalqaro muzokaralarning yangi davrasi 13-aprelda boshlanishi haqida bildirgan. AQSh, Xitoy, Rossiya, Britaniya, Fransiya va Germaniya diplomatlari bilan muloqotning qayerda o'tishi hozircha noma'lum.
Eron Istanbulda uchrashishni istaydi, ammo muloqotga sherik davlatlar bu borada fikr bildirmagan hali.
Bu o'rtada Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an Tehronga tashrif buyurgan. Prezident Mahmud Ahmadinejod va boshqa rasmiylar bilan atom dasturi haqida gap ketadi.
Amerikalik yetakchi qonunchilar Obama ma'muriyatini Eronga bosimni oshirishni so'ramoqda. Senator Jon Kerri Eron va uning yadro dasturini AQShning tashqi siyosatdagi eng katta bosh og'rig'i deb atadi.
"Yolg'iz iqtisodiy sanksiyalar rasmiy Tehronni atom dasturidan qaytara olmasligi mumkin. Qattiqroq diplomatik choralarga o'tish kerak", - deydi u.
Senator Richard Lugar nazarida Eron xalqaro maydonda yakkalanib borayotganiga qaramay siyosatini o'zgartirmoqchi emas.
"Eron iqtisodiy mavqeini saqlamoqchi bo'lsa, yadro dasturidan voz kechishi kerak", - deydi u.