Breaking News

Turkiyaning vositachilik mavqei zaiflashib bormoqda


Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovudo'g'li (o'ngda) Eronning yadro dasturi bo'yicha bosh vakili Said Jaliliy bilan. Istanbul, 14-aprel, 2012-yil.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovudo'g'li (o'ngda) Eronning yadro dasturi bo'yicha bosh vakili Said Jaliliy bilan. Istanbul, 14-aprel, 2012-yil.

Kuzatuvchilar Eron yadro dasturi bo’yicha 14-aprel kuni Istanbulda o’tgan xalqaro yig’inni samarali bo’ldi deya baholamoqda. Ammo ayrim tahlilchilar nazarida, Turkiyaning Eronga ta’sir o’tkazish quvvati kundan kunga kamayib bormoqda. Bu rasmiy Anqara tashqi siyosatida Eronga muxolif qarashlarning paydo bo’lgani bilan izohlanadi.

Turkiya azaldan Eronning tinch maqsadlar yo’lida yadro energiyasiga ega bo’lish huquqini qo’llab-quvvatlab keladi. Hatto ikki yil muqaddam BMTning Eronni jazolovchi rezolyutsiya loyihasiga qarshi ovoz bergan edi. Ammo so’nggi yillarda G’arb bilan aloqalari mustahkamlanib borar ekan, rasmiy Anqara Tehronni ranjituvchi ishlarga ham qo’l urmoqda.

Yevropa Parlamentining Turkiya bo’yicha qo’mitasi a’zosi Richard Xovitning aytishicha, Anqara Eronning yonini olib, g’arblik ittifoqchilari ishonchini ham yo’qotyapti.

“Turkiya Eron masalasida sanksiyalarga qarshi chiqib, o’z obro’siga ancha putur yetkazdi. Biz bu sanksiyalarga erishish uchun BMT va ittifoq doirasida ko’p ter to’kkan edik”, deydi Yevroparlament deputati.

Eron va Turkiya o’rtasiga tushgan so’nggi sovuqchilik Suriyadagi mojarolar bilan bog’liq. Turkiya tashqi siyosati hududda yon qo’shnilar bilan hech qanday muammosiz yashash konsepsiyasini olg’a suradi.

Suriyada norozilik namoyishlari boshlangunga qadar bo’lgan davrda Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’an prezident Bashar al-Assad bilan do’stona munosabatda edi. Suriya xavfsizlik kuchlari va tinch aholi o’rtasida qonli to’qnashuvlar boshlangach, rasmiy Anqara Assad rejimiga muxolif guruhlarni qo’lladi. Bu esa nafaqat Suriyaning, balki uning azaliy hamkori Eronning ham jiddiy noroziligiga sabab bo’ldi.

Rasmiy Tehron Istanbulda o’tishi belgilangan xalqaro yig’inni boshqa shaharga ko’chirishga urinib ko’rdi. Yig’in belgilanganidek Turkiyada o’tgan bo’lsa-da, anjumanning keying davrasi Bag’dodda o’tadigan bo’ldi.

Turkiyadagi Kadir Xas universiteti tahlilchisi Soli O’zelning aytishicha, munosabatlar sovuqlashganiga qaramay, Tehron Turkiyani hanuz foydali qo’shni deb biladi.

“Eron Turkiya vositachiligiga hanuz muhtoj. Chunki muammoga yechim topishni chin dildan istayotgan yagona davlat bu Turkiya”, deydi u.

Turkiya tabiiy gazga bo’lgan ehtiyojining 80 foizini hamda sanoati uchun kerakli neftning qariyb yarmini Eron va uning yaqin hamkori Rossiyadan oladi. Shunday ekan, Anqara Erondan butunlay aloqani uzish niyatida emasligini Tehron yaxshi biladi, deydi O’zel.

Shunga qaramay ayrim kuzatuvchilar nazarida, Turkiya allaqachon Eron va G’arb o’rtasidagi vositachilik mavqeini boy berib bo’lgan. Ammo turkiyalik sharhlovchi Semix Ildiz kabi tahlilchilar fikricha, Anqaraning ta’sir kuchi butunlay tugagan deyishga hali erta.

“Eron bo’yicha muzokaralar o’z maromida davom etyapti. Ayrim kichik nashrlarni o’qisangiz, tomonlar o’z qarashlariga mahkam yopishib olgandek ko’rinadi. Shunday ekan, har ikki tomon pozitsiyalarini ochiq va to’g’ri yetkazib bera oladigan vositalarga ega davlatga ehtiyoj bor va bu ehtiyojni Turkiya qondira oladi”, deydi Ildiz.

BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy besh a’zosi hamda Germaniya Eron bilan navbatdagi muzokaralarni may oyida Bag’dodda olib boradi. Bu yig’inda Eron yadro qurolini yaratish maqsadi yo’qligini xalqaro hamjamiyatga ishontirishi uchun qilishi lozim bo’lgan ishlar xususida murakkab va ziddiyatli masalalarning muhokama etilishi kutilmoqda.

Agar xalqaro jazo choralari yumshatilsa, Tehron bu boradagi talablarga rioya qilishi mumkinligi haqida allaqachon ma’lum qilgan. Biroq AQSh va Yevropa Ittifoqi bunga qarshi. Ko’plab tahlilchilar nazarida, har ikki tomonni qoniqtiradigan murosa yo’lini topish mushkul.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG