Turkiyada qonunchilar yangi konstitutsiya ustida ish boshladi. Mamlakat harbiy o’tmishidan voz kechib, yangi davrga qadam qo’yishi haqida gap ketmoqda.
Yangi bosh qomusga ehtiyoj borligini hamma tan oladi, lekin siyosiy tafovutlar jarayonni izdan chiqarishi mumkin.
Deputatlar 1980-yilgi harbiy to’ntarishdan keyin qabul qilingan hujjatni qayta yozishga kirishdi.
Istanbuldagi Bahcheshehir Universitetida siyosatshunos Chingiz Aktar yangi konstitutsiya mamlakat kelajagi uchun nihoyatda muhim degan fikrda.
“Turkiya Respublikasi tarixida katta burilishga guvoh bo’lib turibmiz. Mamlakat qay tomon yo’nalishini belgilovchi yangi, adolatli ijtimoiy kelishuv tuziladi. Unda hech kimni yakkalash yoki imtiyozlar bilan siylash yo’q”, - deydi olim.
Amaldagi harbiy konstitutsiya, ko’pchilik nazarida, fuqaro erkinliklarini himoya qilishga emas, balki cheklashga qaratilgan.Yangi hujjat shu yil oxiriga borib tayyor bo’ladi.
Bosh vazir Rajab Toyip Erdog’anning ta’kidlashicha, u davlatni emas, fuqaroni birinchi o’ringa qo’yadi.
Liberal ruhdagi bosh qomusni tuzishda fuqaro jamiyati faollari, diniy tashkilotlar hamda fuqarolardan hissa qo’shish so’ralgan. Jarayonda kurdlarning Tinchlik va Demokratiya partiyasi ham qatnashyapti.
Partiya a’zosi Ertugral Kurkchu buni ehtiyotkorlik bilan olqishlaydi.
“Yaxshiroq konstitutsiyaga barcha tomonlar intilayotgani ijobiy hol. Ammo Erdog’an prezidentlik tizimini mustahkamlashga harakat qilayotgani ziddiyatlarni oshiradimi, deb qo’rqib turibmiz”, - deydi deputat.
2015-yilda xizmat muddatini yakunlayotgan Turkiya bosh vaziri Fransiya va AQShdagi singari kuchli prezidentlik tizimiga o’tish haqida gapirmoqda. Biroq muxolif partiyalar bu taklifni darhol rad etdi.
Tahlilchi Chingiz Aktar fikricha, bu boradagi kelishmovchiliklar nafaqat yangi konstitutsiya yuzasidan erishilgan murosani yo’qqa chiqaradi, balki Turkiya demokratiyasiga raxna solishi mumkin.“Hukmron partiya ideologlari ko’zlayotgan tizim Turkiyani AQSh emas, Rossiyaga monand bir mamlakatga aylantiradi qo’yadi. Ya’ni hokimiyat organlari orasida muvozanat-balans ta’minlash haqida gap ketmayapti. Hokimiyat to’laligicha bir kishining qo’lida bo’ladi”, - deydi siyosatshunos.
O’zgartirilgan konstitutsiya taqdiri ham, prezidentlik tizimiga o’tish-o’tmaslik ham parlamentga va oxir-oqibat xalq irodasiga bog’liq. Bosh qomus referendumga qo’yilishi kerak.