Breaking News

Turkiya bugun NATOda qanday qudratga ega?


NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmet Davuto'g'lu bilan, Anqara, 17-fevral, 2012
NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmet Davuto'g'lu bilan, Anqara, 17-fevral, 2012

Yevropa Ittifoqining yuqori martabali rasmiylariga Chikagodagi NATO sammitida ishtirok etish uchun taklifnomalar yig’in boshlanishiga bir necha kun qolgandagina jo’natildi. Turkiya Yevropa Ittifoqi vakillarining Chikagoga kelishiga ro’yxushlik bermayotgan edi.

Sammitga oz qolganida Turkiya roziligi olingandan so’ng Yevropa Ittifoqi Komissiyasi prezidenti Joze Manuel Barrozo va Yevropa Kengashi rahbari German fon Rompuy Chikagodagi NATO sammitida ishtirok etadigan bo’ldi.

Turkiya e’tiroziga ko’ra, Yevropa Ittifoqi va NATO rasmiylariga munosabatda ayirmachilikka yo’l qo’yilmoqda.

Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Saljuq Unalning aytishicha, ko’p davlatlar NATO anjumaniga Yevropa Ittifoqi rahbarlari nega taklif etiladiyu, ittifoq yig’inlariga NATO bosh kotibi chaqirilmaydi, deya hayron.

"Nega NATO bilan ishlovchi boshqa xalqaro va hududiy tashkilotlar taklif etilmagan”, - deydi u.

NATO 20-21 may kunlari Chikago shahrida yirik sammitga yi'gilmoqda
NATO 20-21 may kunlari Chikago shahrida yirik sammitga yi'gilmoqda
Bahs-munozaralardan so’ng Yevropa Ittifoqi rahbarlarini sammitning faqat ochilish marosimi hamda Afg’onistonga doir majlislariga qo’yishga kelishildi, deydi Saljuq Unal.

Sobiq turk diplomati Sinan Ulgen fikricha, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lishga behuda urinayotgan Turkiya tashkilotga nisbatan noroziligini shu tariqa izhor etmoqda.

“Bu Turkiyaning a’zolik yo’lida chekkan azob-uqubatlari, aldangani va hatto Yevropaga qarshi o’zida paydo bo’lgan adovati mahsulidir. Turkiya NATOdagi mavqeidan foydalanib, Yevropa Ittifoqiga qarshi bosim o’tkazishga urinmoqda. Ko’p hollarda Turkiya qat’iy va kuchli tashqi siyosatga ega ekanini ko’ryapmiz”, - deydi sobiq diplomat.

Siyosiy kuzatuvchilar nazarida, Turkiyaning mintaqada o’sib borayotgan nufuzi Yevropa Ittifoqiga qarshi chiqishda Anqaraga kuch bermoqda. Turkiya Suriya, Iroq va Eron kabi muhim davlatlar bilan chegaradosh. Arab dunyosida shuhrati tobora oshib borayotgan Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an boshchiligidagi o’lka so’nggi yillarda AQShning yaqin hamkoriga aylangan.

Turkiya-Amerika munosabatlari mustahkam, deydi tahlilchilar
Turkiya-Amerika munosabatlari mustahkam, deydi tahlilchilar
Istanbuldagi Bog’chashahar universitetining xalqaro aloqalar bo’yicha mutaxassisi Chingiz Aqtarning aytishicha, Vashingtonning Anqara tomonida bo’lishi unga muhim strategik ustunlik beradi.

“Turkiya Yaqin Sharq, O’rta yer dengizi va hatto Yevropadagi ayrim davlatlarga qaraganda nisbiy ustunlikka ega. Hukumat o’z so’zini o’tkazish uchun shu imkoniyatini ishga solmoqda va ba’zida oshirib ham yubormoqda”, - deydi u.

Vashingtonda joylashgan Tashqi aloqalar kengashi tahlil markazining shu oy e’lon qilgan hisobotiga ko’ra, Turkiyaning oshib borayotgan obro’si Vashington bilan hamkorlikning yanada kuchayishiga xizmat qilmoqda.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Saljuq Unalning aytishicha, Anqara o’z haq-huquqlarini himoya qilyapti, xolos.

“Turkiya kabi Yevropa Ittifoqi a’zosi bo’lmagan, lekin NATO a’zosi bo’lgan davlatlar qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilishlari kerak”, - deydi u.

Turkiya Kosovodan tortib Afg’onistongacha bo’lgan NATO amaliyotlarida faol ishtirok etmoqda. Kuzatuvchilar fikricha, bu davlatning Atlantika blokidagi nufuzi oshib borar ekan, Anqara va Yevropa Ittifoqi o’rtasida ziddiyatlar saqlanib qoladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG