Breaking News

Turkiya-Ozarbayjon yaqinlashuvi Armaniston bilan aloqalarga raxna solmoqda


Anqarada namoyishga chiqqan odamlar Turkiya va Ozarbayjon bayroqlarini ko'tarib Tog'li Qorabog'da halok bo'lgan ozarbayjonliklarni xotirlamoqda.
Anqarada namoyishga chiqqan odamlar Turkiya va Ozarbayjon bayroqlarini ko'tarib Tog'li Qorabog'da halok bo'lgan ozarbayjonliklarni xotirlamoqda.

Turkiya-Ozarbayjon savdo va diplomatik aloqalari kengayib borar ekan, Ozarbayjonning azaliy raqibi Armaniston bilan munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan Anqara sa’y-harakatlari muvaffaqiyatsiz yakunlandi, demakdir.

So’nggi paytlarda Turkiya rasmiylari Ozarbayjonga tez-tez tashrif buyurmoqda. Rasmiy Anqara Tog’li Qorabog’ hududini qayta o’z nazoratiga olishda Bokuga yordam bermoqchi. Bu hudud ko’p yillardan beri Armaniston va Ozarbayjon o’rtasida talash bo’lib keladi. Aholisining aksariyati armanlar bo’lgan mintaqa 1990-yillar boshigacha Ozarbayjon nazorati ostida edi. 1980-yillar oxiriga borib, Sovet Ittifoqinining zaiflashishi oqibatida Qorabog’dagi mahalliy arman aholisi Armanistonga qo’shilishni talab qila boshladi. Ozarbayjonning keskin qarshiligi va Armaniston aralashuvi natijasida hududda urush boshlanib, olti yil ichida 35 ming insonning hayoti qurbon bo’ldi.

1994-yil urushayotgan tomonlar o’rtasida tuzilgan sulh natijasiga ko’ra harbiy harakatlar to’xtatildi. Hozirda Tog’li Qorabog’ hududining aksariyat qismini mahalliy hukumat mustaqil idora etadi. Ammo nizoli mintaqa mustaqilligi yoki kimga qarashli ekani bo’yicha munozaralar hali o’z yechimini topgani yo’q.

Yaqinda Istanbulda o’tgan yig’inda 1992-yil Xo’jayli qishlog’ida o’ldirilgan 603 nafar ozarning xotirasi yodga olindi. Turkiya Ichki ishlar vaziri Idris Naim Sahin yig’inda so’zga chiqib, halok bo’lgan millatdoshlar uchun o’ch olinajagi haqida gapirdi.

Turkiy xalqlar tirik ekan, har bir to’kilgan qon uchun hali javob beriladi, dedi vazir.

Xotira kechasida minglab ozarbayjonlik va turkiyalik millatparvarlar ishtirok etdi. Armanistonga qarshi shiorlar yangradi.

Istanbuldagi Bahchashehir Universiteti siyosatshunosi Chingiz Aqtaring aytishicha, tadbirda Turkiya ichki ishlar vazirining ishtirok etishi va uning nutqidagi keskin so’zlar Turkiyaning Armanistonga nisbatan tashqi siyosatida jiddiy o’zgarish yuz berayotganidan dalolatdir.

“Bu juda muhim lahza, favqulodda ahamiyatli o’zgarish. Turkiyada oxirgi o’n yilda bunday bo’lganini eslolmayman. Ozarbayjon yana sahnada, uni turk siyosiy hayotiga majburan qaytarishdi. Turkiya Ozarbayjon hisobiga Armaniston va arman siyosatidan butunlay voz kechdi”, deydi siyosatshunos.

Turkiya 2009-yilning oktabrida diplomatik aloqalarni tiklash va Armanistonga qarshi e’lon qilingan iqtisodiy jazo choralarini to’xtatish haqida Yerevan bilan bitim imzolab Bokuni g’azablantirgan edi.

Sobiq turk diplomati, hozirda Istanbuldagi Iqtisodiyot va tashqi siyosat markazini boshqaruvchi Sinan Ulgenning aytishicha, Anqara Yerevan bilan iliq aloqalar Armaniston-Ozarbayjon muammosini yechishda qo’l keladi, deya baholagan edi. Ammo Bokuning kuchli noroziligi qarshisida Bosh vazir Toyyib Erdog’an Armaniston bilan munosabatlarni to’xtatib turishga majbur bo’ldi, deydi sobiq diplomat.

“Bosh vazir Turkiyadagi millatchi aholi qatlamining ta’sirida Bokuni tanladi, chunki Turkiya tarixdan vatanparvar davlat bo’lgan va shunday bo’lib qoladi. Bu yerda kuchli millatchi aholi bor, bu katta qatlam. Ular hukmron partiyaning asosini tashkil qiladi. Boshqa ko’plab odamlar ham shu guruhga tegishli. Ozarbayjon shundan unumli foydalanmoqchi”, deydi Ulgen.

AQSh Davlat departamenti Turkiyani Armaniston bilan aloqalarini to’xtatib qo’ygani uchun keskin tanqid qildi. Boku esa Anqarani bu harakati uchun munosib taqdirladi. So’nggi oylarda Ozarbayjon energiyaga tashna Turkiya uchun gaz yetkazib berish bo’yicha qator yirik loyihalarni ma’qulladi. Shuningdek, boshqa hududlarga Turkiya orqali Ozarbayjon gazini yetkazish bo’yicha ham bitim tuzilgan. Turkiya Yevropa uchun energiya korridoriga aylanishni istaydi. Bu loyihalar Turkiyaga yonilg’i olishda Erondan uzoqlashish imkoniyatini ham beradi. AQSh va Yevropa davlatlari Turkiyani yadro dasturiga zo’r bergan Eronga qarshi jazo choralarini qo’llab-quvvatlashga chaqirib keladi.

Lekin Turkiya Tashqi ishlar vazirligining strategik rejalash bo’limi sobiq boshlig’i Murod Bilhanning fikricha, Bokuning Anqara xolisligiga shubhasi bor.

“Aloqalar ishonch asosida qurilmagan. Bu faqat Armaniston masalasi tufayli emas. Ozarbayjonliklar Turkiyaga shubha bilan qarashadi, chunki Turkiya sunniy musulmonlar yurti, ular esa shia mazhabida. Ammo umumiy manfaatlar ham yo’q emas, bular asosan gaz loyihalari. Shuningdek, Armanistonni chetlab o’tayotgan temiryo’l loyihamiz ham bor”, deydi Bilhan.

Turkiya Armaniston bilan aloqalarini butunlay to’xtata olmasligini Ozarbayjon biladi. Anqara Yerevan bilan muloqot orqali Birinchi jahon urushida armanlarning ommaviy qatl etilganini Turkiya tan olishi kerak, degan xalqaro bosimlarni bartaraf etish mumkin deb hisoblaydi. Anqara armanlarning qatliomi haqidagi da’volarni asossiz deb biladi. Turkiya qarashi bo’yicha, armanlar ommaviy va qasddan o’ldirilgan emas, balki boshqa millat vakillarini ham halok qilgan fuqarolar urushining qurboni bo’lgan.

Sobiq diplomat Ulgen bu bahslarning hali-beri yakun topmasligidan ogohlantiradi.

“2015-yilga oz qoldi. O’sha fojeali voqealar bo’lib o’tganining yuz yilligi. Turkiya buni hisobga olib, o’z qarashlari va manfaatlarini qayta ko’rib chiqishi kerak. Ammo hozircha Ozarbayjon Turkiya siyosatiga o’z so’zini o’tkazish kuchiga ega”, deydi u.

O’tgan oy Fransiya parlamenti Turkiyada armanlar qatliomini inkor etishni jinoyat deb belgilovchi qonun qabul qildi. Bu Turkiyaning g’azabini qo’zg’ab, ikki mamlakat o’rtasida diplomatik tortishuvlarni yuzaga chiqardi. AQSh Senatida ham armanlar qatliomini qonunan tan olishga qaratilgan harakatlar qayta jonlanmoqda. Bu AQSh-Turkiya munosabatlariga soya solayotgan sabablardan biri.

Turkiya Bokuni xafa qilmasdan Yerevan bilan aloqalarini yaxshilashni uddalaydimi, yo’qmi, hozircha ma’lum emas. Bu masala yaqin kelajakda Turkiya tashqi siyosatining ustuvor vazifalardan biri bo’lishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG